Bugun Toshkentdagi “INNO” innovatsion o’quv-ishlab chiqarish texnoparkida birinchi “Точка притяжения” markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu markaz INNO Technopark negizida joylashib, ilmiy va innovatsion salohiyatni rivojlantirishda muhim bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Ochilish marosimida Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari A. Abduqodirov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sh. Daliev, Skolkovo fan va texnologiyalar instituti strategik sheriklik bo‘yicha vitse-prezidenti A. Sitnikov, Skolkovo fan va texnologiyalar instituti “Maqsadli kapital fondi” direktori A. Shket hamda boshqa yuqori martabali mehmonlar, ishbilarmon va ilmiy doira vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir doirasida A. Shket va Sh. Daliev so‘zga chiqib, markazning asosiy vazifalari va uning O‘zbekistonda ilmiy-innovatsion faoliyatni rivojlantirishdagi roli haqida so‘z yuritdilar. Tadbir davomida ochilish marosimi doirasida plenаr sessiya o‘tkazildi. Unda markazning istiqbolli faoliyat modeli, strategik yo‘nalishlari va kutilayotgan natijalar muhokama qilindi.
Jumladan, muzokaralar davomida “ Точка притяжения ” markazining quyidagi hamkorlik yo‘nalishlari haqida so‘z bordi”
- Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni ilgari surish — olimlar va tadqiqot muassasalari o‘rtasida ilmiy loyihalarni ishlab chiqish va bilim almashinuvi.
- Ma’ruzalar, master-klasslar va seminarlar tashkil etish — talaba va yosh olimlarni o‘qitish maqsadida yetakchi mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida ta’lim tadbirlari tashkil etish.
- Yosh olimlar va talabalarni qo‘llab-quvvatlash — tadqiqot loyihalari va startaplarni amalga oshirish uchun tanlovlar o‘tkazish, grantlar va stipendiyalar ajratish.
- Hamkorlikda tadqiqot guruhlarini tuzish — yosh olimlar va mutaxassislar uchun birgalikdagi ilmiy tadqiqot jamoalarini shakllantirish.
- Innovatsion loyihalarni amalga oshirish — mamlakat iqtisodiyotiga yangi texnologiyalar va ishlanmalarni joriy qilish.
- Konsultatsiya va ekspert ko‘magi — ilmiy-texnik rivojlanish va innovatsion faoliyat bo‘yicha maslahat va ekspert ko‘magini taqdim etish.
“Точка притяжения” markazining tashkil etilishi ilm-fan, ta’lim va iqtisodiyot o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash doirasida amalga oshirilayotgan strategik qadamdir. Ushbu markazning asosiy maqsadi yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, tadqiqot guruhlarini shakllantirish va ilg‘or texnologiyalarni mamlakat iqtisodiyotiga joriy etishdir. Markaz nafaqat yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maydonchasiga, balki mamlakatning innovatsion rivojlanishini jadallashtiruvchi katalizatorga aylanishi kutilmoqda.