Strategik islohotlar agentligi tomonidan Sirdaryo viloyatining SWOT-tahlili o‘tkazilib, viloyatning kuchli jihatlari, zaif tomonlari va imkoniyatlari aniqlandi.
Viloyatning kuchli jihatlari qatorida uning strategik geografik joylashuvi, Qozog‘iston va Tojikiston bilan chegaradoshligi hamda rivojlangan transport tarmog‘i alohida ajralib turadi. Hududdan o‘tuvchi yirik magistrallarda kuniga 311 mingdan ortiq transport vositasi harakatlanadi, bu esa viloyatni qulay tranzit hududiga aylantiradi. Sirdaryoning investitsion jozibadorligi Tojikiston bilan chegara savdo zonasini tashkil etish va logistika loyihalari sonini oshirish hisobiga yanada kuchaytirilishi mumkin. Shuningdek, viloyatda turizm salohiyati yuqori bo‘lib, “Qolgansir” o‘rmon xo‘jaligi va Sirdaryo bo‘ylaridagi rekreatsion hududlarni rivojlantirish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Sirdaryo viloyati tibbiy turizm sohasida katta salohiyatga ega bo‘lib, bu 2024-yilda 3 milliard so‘m daromad bilan tasdiqlangan. Shuningdek, viloyatning agrosanoat kompleksi paxta, meva-sabzavot, sut va go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarishda muhim o‘rin tutadi. To‘qimachilik sanoati va qayta ishlash korxonalarining rivojlanishi yangi ish o‘rinlarini yaratishga hissa qo‘shmoqda.
SWOT-tahlil jarayonida urbanizatsiya masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Sirdaryo viloyati 4,2 ming kvadrat kilometr maydonga va 930,8 ming nafar aholiga ega. Aholi zichligi va urbanizatsiya darajasining pastligi shahar infratuzilmasini tezkor rivojlantirish, aholi uchun ijtimoiy va iqtisodiy imkoniyatlarni oshirish, investitsiyalarni jalb qilish va viloyatda yashash sifatini yaxshilash zarurligidan dalolat qiladi. Shu doirada Guliston shahrining hozirgi 110 ming aholisi sonini 200 ming kishiga yetkazish nazarda tutilmoqda. Ushbu o‘zgarishlar zamonaviy turar-joy majmualarini qurish va 2026-yilgacha mo‘ljallangan shahar master-rejasini yangilanishi bilan birga amalga oshiriladi.
Viloyatning zaif tomonlari sifatida sanoatning yetarli darajada diversifikatsiya qilinmagani va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash darajasining pastligi qayd etildi. Viloyatda ro‘yxatdan o‘tgan kichik tadbirkorlik subyektlarining faqat yarmi faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, Sirdaryo viloyati qo‘shni hududlar tomonidan investorlarga yanada qulay shart-sharoitlar taklif etilishi tufayli raqobatga duch kelmoqda. Bundan tashqari, o‘zining afzalliklariga qaramay, viloyatda muhim foydali qazilmalar zaxiralari yo‘qligi geologiya sohasida rivojlanishni cheklab qo‘ymoqda.
Sirdaryo viloyati bo‘yicha SWOT-tahlil natijalari hududning iqtisodiy holatini yaxshilash uchun aniq yo‘nalishlarni belgilashga yordam berdi. Natijalar asosida aniqlangan imkoniyatlarni amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlanadi.