Strategik islohotlar agentligi xodimlari Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida tadbirkorlar bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlardan asosiy maqsad shaharda biznes uchun mavjud to‘siqlarni o‘rganish va ularni bartaraf etishga doir takliflar ishlab chiqishdan iborat edi. Tadbirda ishtirok etgan mahalliy tadbirkorlar o‘z faoliyatlari davomida yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha takliflar bildirishdi.
Uchrashuv qatnashchilaridan biri bo‘lgan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor o‘z faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berib, korxonasi qariyb 150 kishini ish bilan ta’minlab kelayotganini ma’lum qildi. Korxona yiliga 2,5–3 mln AQSh dollari miqdorida mahsulot eksport qiladi. Tadbirkor yaqin kelajakda trikotaj matolarni ishlab chiqarish loyihasini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Ushbu loyiha qiymati 5 mln AQSh dollarini tashkil etadi va to‘liq bevosita investitsiya hisobidan moliyalashtiriladi. Loyihaning amalga oshirilishi natijasida qo‘shimcha 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Muammoning yechimi sifatida Toshkent viloyatidagi davlat aktivlari balansida bo‘lgan, umumiy yer maydoni 1,5 gektarni tashkil etuvchi ob’ektni tadbirkor tasarrufiga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ushbu ob’ektning davlat ulushini sotib olish imkoniyati ko‘rib chiqilishi taklif etildi.
Yana bir tadbirkor yo‘lovchi tashish sohasida o‘z faoliyatini kengaytirish rejalari haqida ma’lumot berdi. U “Yangiyol – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha yangi yo‘lovchi tashish xizmatini ishga tushirish tashabbusini ilgari surdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-iyundagi PF-93-sonli Farmoni doirasida tadbirkor 5 mlrd so‘mlik imtiyozli kredit asosida 15 ta mikroavtobus xarid qilgan. Ammo loyiha to‘liq quvvatda ishlashi uchun Transport vazirligi tomonidan mazkur yo‘nalishda tender o‘tkazilishi zarur. Tadbirkor ushbu tenderni tashkil etishda yordam so‘radi. Ushbu masala bo‘yicha Transport vazirligi tomonidan tegishli tenderni tashkil etish taklif qilindi. Bu taklifning amalga oshirilishi “Yangiyol – Toshkent” yo‘nalishida yo‘lovchi tashish xizmatlarini kengaytirish, 50 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.
Shuningdek, mebel ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor o‘z faoliyatida duch kelayotgan to‘siqlarni bayon etdi. Uning korxonasi 25 dan ortiq turdagi mebel mahsulotlarini ishlab chiqaradi va 14 nafar xodimni ish bilan ta’minlab kelmoqda, ulardan 7 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslardir. Tadbirkorning asosiy muammosi davlat xaridlarida ishtirok etish bilan bog‘liq bo‘ldi. U davlat xaridlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida ishtirok etish huquqini olishda ko‘mak so‘radi. Bundan tashqari, u qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha xorijiy hamkor, xususan, Pokiston kompaniyalari bilan aloqa o‘rnatishda yordam so‘radi. Ushbu masalalarni hal qilish uchun tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xaridlarida ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish va xorijiy hamkorlarni jalb etishga ko‘maklashish taklif etildi. Bu takliflar amalga oshirilgach, korxona o‘z ishlab chiqarish quvvatini oshiradi va 10 ta yangi ish o‘rni yaratadi.
Agentlik tomonidan ko‘tarilgan barcha masalalar va bildirilgan takliflar o‘rganib chiqiladi hamda Yangiyol shahridagi tadbirkorlik muhitini yaxshilash, ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Ishlab chiqilgan takliflar tegishli organlarga yo‘naltirilib, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘riladi.