Bugun «Davlat xizmatida strategik rejalashtirish: taraqqiyotni o‘lchash uchun samaradorlik ko‘rsatkichlarini aniqlash» mavzusiga bag‘ishlangan seminarning to‘rtinchi moduli bo‘lib o‘tdi. Seminar Strategik islohotlar agentligi tomonidan Latviya Respublikasining Markaziy moliyalashtirish va kontraktlar agentligi (CFCA) bilan hamkorlikda, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida tashkil etildi.
Seminarning asosiy mavzusi strategik rejalashtirishda asosiy vosita sifatida samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) ishlab chiqish va qo‘llash masalalariga bag‘ishlandi. KPI natijalarni ob’ektiv baholash, ularni byudjet va resurslar bilan bog‘lash, monitoring va baholashning shaffofligini ta’minlash imkonini beradi. Seminar davomida ishtirokchilar nazariy bilimlarni mustahkamlab, ularni amaliy mashg‘ulotlarda qo‘lladilar. Bu ularga o‘z professional faoliyatida yangi ko‘nikmalarni darhol qo‘llash imkoniyatini berdi.
Aniq va izchil tuzilgan seminar dasturi strategik rejalashtirishning barcha jihatlarini chuqur o‘rganishga ko‘maklashdi. Alohida e’tibor quyidagi masalalarga qaratildi:
KPI ishlab chiqish va ularni milliy strategiyalarga integratsiya qilish;
ko‘rsatkichlar iyerarxiyasini yaratish;
ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish usullari;
ma’lumotlarning sifati va ishonchliligini baholash.
Mazkur tadbir nafaqat mahalliy va xalqaro ekspertlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamladi, balki tajriba va bilim almashish uchun platforma bo‘lib xizmat qildi. Seminarning natijalari O‘zbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va strategik rejalashtirishning zamonaviy usullarini joriy etishda asos bo‘lib xizmat qiladi.
Strategik boshqaruvga bunday yondashuv uzoq muddatli islohotlarga intilish va davlat organlarining professional darajasini oshirishga bo‘lgan qat’iyatni namoyon etadi.