Strategik islohotlar agentligida Agentlik direktori Baxodir Raxmatov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti o‘rtasida ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Chakrabarti ofisi tomonidan amalga oshirilayotgan ustuvor loyihalar muhokama qilindi. Xususan, ofis vakili Mandip Beyns Jenevada O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish masalalari bo‘yicha ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi. Shuningdek, O‘zbekistonning ushbu o‘ta muhim masala bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlar yuqori baholanganini ta’kidladi.
Agentlik direktori B.Raxmatov janob Chakrabartiga Prezidentning joriy yilning 8 noyabrdagi Farmoni bilan Agentlik oldiga qo‘yilgan yangi vazifalar haqida ma’lumot berdi.
Xususan, bugungi kunda Agentlik tomonidan iqtisodiyot, ijtimoiy rivojlanish va davlat boshqaruvi sohalarida 17 yo‘nalish bo‘yicha kompleks islohotlar dasturi ishlab chiqilgan.
Tomonlar Suma Chakrabarti ofisi tomonidan taklif etilayotgan islohotlarni, ayniqsa, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish kabi o‘ta muhim masala bo‘yicha ekspert va tahliliy ko`makni muhokama qildilar.
Shuningdek, samarali tahlil qilish va qarorlar qabul qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni muhokama qilish uchun yetakchi xorijiy tahlil markazlari vakillari bilan O`zbekistonlik istiqbolli rahbarlarning uchrashuvini tashkil etishda Ofis tomonidan ko‘mak berish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.