Strategik islohotlar agentligi tomonidan “Vatandoshlar” jamoat fondi va “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan onlayn uchrashuvda xorijiy nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan, ilmiy tashkilot va kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan 230 nafardan ortiq yurtdoshlarimiz mamlakatimizda 2024 yilda amalga oshirilishi taklif etilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Malayziya, Rossiya, Singapur, AQSH, Fransiya, Janubiy Koreyadan onlayn ishtirok etgan vatandoshlarimiz energetika, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, tadbirkorlik, sog‘liqni saqlash va davlat boshqaruvi kabi 12 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha 40 dan ortiq takliflar bildirdilar.
Xususan, Asqarali Karimov AQSHda yerlarning 80 foizidan ortig‘i nodavlat sektoriga tegishli ekanligini va shu tajribadan kelib chiqib, xususiy mulk shakllarini kengaytirishni taklif qildi.
Germaniyada yashovchi Zafar Safoyev elektr energiyasining uzluksiz va mo‘tadil isteʼmolini taʼminlash maqsadida maishiy isteʼmolchilarni bir fazali elektr taʼminotidan uch fazaliga bosqichma-bosqich o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.
Yo‘ldoshbek Saidov Fransiya davlat xizmatiga qabul qilish tizimi haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi va bu boradagi tajribani o‘rganishni taklif etdi. Fransiyada tanlov tizimi tashkilot va taklif etilayotgan lavozim maqomiga ko‘ra 3 toifaga (A, Б va C) bo‘linadi.
Eng istiqbolli takliflar Strategik islohotlar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan 2024 yilda strategik islohotlarni amalga oshirishga doir amaliy chora-tadbirlar rejasida o‘z aksini topdi.
Shu bilan birga, SIA islohotlarning 17 ta ustuvor yo‘nalishidan har birini yana-da chuqurroq muhokama qilishni taklif qildi va shu munosabat bilan 2024 yil 13 yanvardan boshlanadagian vatandoshlar bilan onlayn uchrashuvlar jadvali tayyorlandi.