Strategik islohotlar agentligi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2025-yilda amalga oshiriladigan strategik islohotlar dasturi loyihasi ishlab chiqildi.
Dasturi quyidagi 10 ta yo‘nalishni o‘z ichiga olgan:
- Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash. Ushbu yo‘nalishda 2030-yilgacha yashirin iqtisodiyotni qisqartirish strategiyasini ishlab chiqish, naqdsiz shakldagi to‘lovlarning umumiy to‘lovlardagi ulushini oshirish, strategik rejalashtirishning yagona va kompleks tizimini joriy etish nazarda tutilgan. Shuningdek “Moliyaviy ombudsman to‘g‘risida”gi va “Islom banki to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
- Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini jadal rivojlantirish. Mazkur yo‘nalishda mamlakat taraqqiyotiga yuqori ta’sir ko‘rsatuvchi texnologik yo‘nalishlarni belgilash orqali ustuvor texnologik yo‘nalishlar buyicha alohida dasturlarni joriy etish amaliyotini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, 2030-yilga mo‘ljallangan farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish strategiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.
- “Yashil” tamoyillarga asoslangan rivojlanish modeliga o‘tish. Ushbu yo‘nalishda issiqxona gazlari emissiyasini tartibga solish va kam uglerodli rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari (quyosh energetikasi) sohasida utilizatsiya tizimini joriy qilish uchun huquqiy asos ishlab chiqish hamda uglerod solig‘ini joriy qilish rejalashtirilmoqda.
- Davlat korxonalari va banklarini isloh qilish. Ushbu yo‘nalishda korporativ boshqaruv sohasini tartibga soluvchi qonunchilik normalarini takomillashtirish, xalqaro fond bozorlariga faol kirib borish va davlat ishtirokidagi yirik korxonalar tomonidan moliyaviy resurslarni mustaqil ravishda jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokidagi “Turonbank” ATBni xususiylashtirish va transformatsiya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
- Tadbirkorlik va xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash. Ushbu yo‘nalishda mahalliy hokimliklarning hududdagi masalalarni mustaqil hal qilish bo‘yicha vakolatlarini kengaytirish, shu bilan birga, 2040-yilga mo‘ljallangan turizm sohasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish nazarda tutilgan.
- Qishloq ho‘jaligini rivojlantirish va yer islohotlarini jadallashtirish. Bu yo‘nalishda organik mahsulotlarni ishlab chiqarish va “o‘tish davri”da bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi faoliyatini samarali tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
- Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish. Ushbu yo‘nalishda davlat xarajatlarini aniqlashtirish va davlat ko‘magini nazorat qilish mexanizmlarini joriy qilish rejalashtirilgan.
- Uy-joy renovatsiya va urbanizatsiya siyosatini davom ettirish. Mazkur yo‘nalishda shaharsozlik renovatsiyasi bo‘yicha milliy qonunchilik bazasini yaratish, urbanizatsiya siyosatining asosiy mezonlarini ishlab chiqish va shuningdek “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi va “Urbanizatsiya to‘g‘risida”gi Qonun loyihalarini ishlab chiqish maqsad qilingan.
- Infratuzilmalarni rivojlantirish, suv va issiqlik ta’minotini yaxshilash. Ushbu yo‘nalishda davlat investitsiyalarini boshqarish tizimini (Public Investment Management Framework) joriy qilish, aholini oqova suvlarini chiqarib yuborish xizmati (kanalizatsiya) bilan ta’minlash hamda sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish nazarda tutilmoqda.
- Boshqaruv ma’lumotlari almashinuvini takomillashtirish va sun’iy intelekt imkoniyatlarini bosqichma-bosqich jorish etish. Mazkur yo‘nalishda “Ma’lumotlarni boshqarishning milliy tizimi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish, hukumatning xalqaro hamkorlari bilan samarali hamkorlik qilish platformasini hamda hamkorlar bilan ishlash tartibini takomillashtirish maqsadida “O‘zbekiston bo‘yicha Mamlakat platformasi” samaradorligini oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasiga muvofiq qabul qilingan hujjatlarning ijrosini 2025-yilda to‘liq yakuniga yetkazish nazarda tutilmoqda.
Bu borada 10 dan ortiq chora-tadbirlarning amalga oshirilishini, jumladan yaqinda qabul qilingan “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi, “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi, “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi, “Temir yo‘l trancporti to‘g‘risida”gi Qonunlar ijrosini ta’minlash rejalashtirilgan.
Vazirlik va idoralar islohotlar dasturining asosiy yo‘nalishlariga mas’ul bo‘lgan davlat idoralari vakillari, xorijiy va mahalliy ekspertlar, vatandoshlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda ilmiy tashkilotlar mutaxassislaridan iborat ekspert-loyiha ofislarini tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda.
2025-yilda amalga oshiriladigan strategik islohotlar dasturi ijrosini muvofiqlashtirish Strategik islohotlar agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliga yuklanmoqda.
Shu bilan birga, har yili “Kelajak uchun” tashabbuslar forumini o‘tkazish nazarda tutilmoqda. Ushbu Forum “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish davomida fuqarolar, yoshlar va vatandoshlarning istiqbolli tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning faolligi va tashabbuskorligini rag‘batlantirish va keng targ‘ib qilishga qaratilgan.