12-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Strategik rivojlanish agentligi faoliyati muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyuldagi farmoniga muvofiq, Strategik rivojlanish agentligi tashkil etilgan. Agentlikka investitsiyalarni jalb etish va loyihalarni amalga oshirishning strategik masalalarini oʻrganish, investitsiya faoliyatining istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash, xalqaro tajriba asosida iqtisodiyot tarmoqlarini isloh qilish va hududlarning investitsiya salohiyatini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish kabi koʻplab vazifalar yuklatilgan.
Yigʻilishda mazkur Agentlikning tuzilmasi, shu kungacha qilingan ishlar va joriy yilgi rejalar haqida axborot berildi.
Bugungi kunda Agentlik boshqarmalari shakllantirilgan, ularga yetakchi xorijiy universitetlarda oʻqigan, tashabbuskor va bilimli mutaxassislar jamlangan.
Agentlikning bu yilgi rejasi 18 ta muhim tadbirdan iborat. Investitsiya loyihalarini ilgari surishning yangi mexanizmini joriy etish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali investitsiya muhitini yaxshilash, investitsiya iqlimi boʻyicha hududlar reytingini yoʻlga qoʻyish, tadbirkorlarning tizimli muammolarini aniqlash va hal qilish boʻyicha onlayn platformani ishga tushirish, Jahon banki bilan birgalikda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasini ishlab chiqish shular jumlasidan.
– Bu Agentlik investitsiya hajmini kengaytirish va eksport salohiyatini oshirishga zamin yaratadi. Shu bois, hudud va tarmoqlarni strategik rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish, bunga xorijdan malakali mutaxassis va maslahatchilarni ham jalb qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Strategik rivojlantirish boʻyicha metodologiya yaratib, uni har bir hudud va tarmoqda joriy qilish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Strategik rivojlanish agentligi Matbuot xizmati