Strategik islohotlar agentligi tomonidan tungi iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida chet el mamlakatlarida 24/7 ko‘chalarini tashkil etish mezonlari o‘rganildi.
Chet elda 24/7 ko‘chalari 3 xil shaklda tashkil etilgan va ixtisoslashgan:
birinchisi, savdo, ko‘ngilochar va turistlar uchun xizmat ko‘rsatishning klaster shakli;
Nyu-Yorkning “42”, Sidneyning Paddington hamda Londonning Soho, Tokioning Ebisu ko‘chalari tungi dam olish xizmatlarining yuqori darajada klasterlanishiga namuna bo‘la oladi;
ikkinchisi, bir sohaga tegishli va bir-birining faoliyatidan foyda olib, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan simbiozis shakli;
Sog‘lomlashtirish muassasalari atrofida intensiv xizmatni ta’minlash (Melburndagi “Alfred” sog‘lomlashtirish markazi), temir yo‘l yoki aeroportlarda 24/7lik muhitni yaratish (Nyu-Yorkdagi “Penn Steyshin” temiryo‘l vokzali), o‘quv kampuslari bo‘ylab savdo va xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish (Pennsilvaniyadagi “Universitet Park” hududi);
uchinchisi, bir sohaga ixtisoslashmagan, barcha yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish va savdo obyektlari bilan bir qatorda ma’muriy binolar va moliyaviy markazlar ham joylashgan aralash shakli.
Parijdagi La Bourse hamda Nyu-Yorkdagi Traybeka va Faynenshl 24/7 ko‘chalari aralash shaklga misol bo‘ladi.
Xorijda 24/7 ko‘chalari asosan 2 xil vaqt rejimida faol bo‘lib, xizmat ko‘rsatishning odatiy vaqtidan (09:00–22:00) farq qiladi:
a) kengaytirilgan vaqt rejimi, tungi iqtisodiyot zonalarida joylashgan obyektlar 09:00dan 02:00 gacha faol bo‘lib, iste’molchilarga savdo, ovqatlanish va ko‘ngilochar xizmatlarini taklif etadi.
Misol uchun, Avstraliyada qabul qilingan “Tungi iqtisodiyot to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab 24/7 ko‘chalari faoliyati 02:00 gacha uzaytirilgan. Hozirda Sidneyning Paddington, Nyutavn ko‘chalari shunday tartibda ishlaydi.
Xuddi shunday, Tokiodagi Shibuya, Ebisu va Harajuku, Kopengagendagi Stroget, Nihavn ko‘chalari ham 02:00 gacha faoliyat yuritadi;
b) noodatiy vaqt rejimi haftaning 3 dam olish (juma, shanba, yakshanba) va bayram kunlariga ixtisoslashgan bo‘lib, mazkur rejimdagi ko‘chalar to‘liq 24 soat, ya’ni 06:00dan 06:00 gacha faoliyat yuritadi.
Masalan, Londonning Soho, Lister Skuer, Kovent Gardin, Nyu-Yorkning Chayna Taun, “5” va “57” ko‘chalari, Parijning Forum des Halles hamda Montmarte kabi ko‘chalar mazkur tartibda faoliyat yuritadi.
24/7 ko‘chalarining uzunligi, qoida tariqasida, kamida 800 metr bo‘lishi talab etiladi.
Xususan, Nyu-York Transport departamenti tomonidan tasdiqlangan “Ochiq 24/7 ko‘chalar” to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, mazkur ko‘chalarni tashkil etishda aholining tungi vaqtini maroqli o‘tkazish uchun turli xizmat ko‘rsatish faoliyatlari mujassam bo‘ladigan kamida 800 metr uzunlikdagi ko‘cha bo‘lishi belgilangan.
Shuningdek, boshqa davlatlarda 24/7 ko‘chalari asosan 1 kmdan uzun bo‘lib, yoshlar, mahalliy aholi va xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatadi.
Misol uchun, Londonning 2 km uzunlikdagi Soho, Lister Skuer va Kovent Gardin kabi 24/7 ko‘chalari asosan yoshlar uchun moslashtirilgan bo‘lib, xizmatlarning 85 foizini savdo, ko‘ngilochar, ovqatlanish xizmatlari, spektakl, “stend-ap” va kreativ loyihalari tashkil etadi.
Xorijdagi 24/7 ko‘chalarini yo‘lga qo‘yish va iqtisodiy samaradorlikka erishish uchun shahar aholisi o‘rtacha 1 mln bo‘lishi hamda aholi zichligi 5–10 ming kishi/km2ni tashkil etishi tavsiya etiladi.
Masalan, aholi zichligi Seulda 16 ming kishi/km2, Londonda 5,6 ming kishi/km2, Tokioda 6,1 ming kishi/km2, Sidneyda 8,6 ming kishi/km2, Nyu-Yorkda 11,3 ming kishi/km2ni tashkil etilishi belgilangan.
Ko‘chalarni 24/7 rejimda shakllantirish uchun favqulodda holat xizmatlaridan (politsiya, tez yordam va yong‘in xavfsizligi) tashqari quyidagi xizmatlar faoliyatining mavjudligi talab etiladi:
a) jamoat transporti xizmatidan foydalanish uchun sharoitlar;
b) telekommunikatsiya, xavfsizlik va moliyaviy xizmatlar;
v) iste’mol xizmatlari (chakana savdo markazlari, ovqatlanish muassasalari, dam olish va ko‘ngilochar xizmatlar, madaniy tadbirlar va shaxsiy parvarish xizmatlari).
24/7 ko‘chalari asosan piyodalar harakatiga mo‘ljallangan bo‘lib, unda veloyo‘lak, samokat va skeytbording uchun ham maxsus maydonchalar ajratilishi zarur.
Shuningdek, bunday ko‘chalar umumiy foydalanish tartibida ham faoliyat yuritib, avtomobillarga past tezlikda harakatlanishga ruxsat beriladi.
Nyu-Yorkning 24/7 ko‘chalarida piyodalar, velosiped, skuter va transport vositalari harakatlanib, tezligi 8 km/s dan oshmasligi belgilangan. Londonning Soho ko‘chasida esa motorli transport harakati cheklangan bo‘lib, faqat piyodalar, velotransport, skuter harakati uchun mo‘ljallangan.
O‘zbekistonda tashkil qilinayotgan 24/7 ko‘chalari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-maydagi PQ–5113-son qaroriga muvofiq yirik shaharlarda, viloyatlar va tumanlar markazlarida tashkil etiladigan savdo va ko‘ngilochar ko‘chalardagi barcha tadbirkorlik subyektlariga 24 soat mobaynida tun-u kun faoliyat yuritish huquqi berilgan.
Barcha viloyatlarda 24/7 ko‘chalarini tashkil etish ishlari olib borilib, xususan, Buxoro viloyatida jami 53 ta 24/7 ko‘chalari (o‘rtacha uzunligi 825 metr) barpo etilmoqda.
Toshkent shahrida gastronomik ko‘chalarni tashkil etish bo‘yicha rejalashtirilgan loyihalar amalga oshirilayotgan bo‘lib, 2 ta gastronomik ko‘chalar (Sultonali Mashhadi va Taras Shevchenko) faoliyat yuritmoqda, xuddi shunday 8 ta ko‘chani 24/7 ko‘chaga aylantirish rejalashtirilgan.
Toshkent shahri hududi 0,36 ming km2ni, aholisi 3,1 mln nafarni tashkil etib, aholi zichligi 6 907 kishi/km2ga to‘g‘ri keladi. Mazkur ko‘rsatkichlar shaharda 24/7 ko‘chalarini tashkil etish uchun asos bo‘ladi.
T.Shevchenko gastronom ko‘chaga aylantirilib, uzunligi 215 metrni tashkil etadi. Hozirda ko‘chani qo‘shimcha 127 metrga kengaytirish ishlari olib borilmoqda.
T.Shevchenko ko‘chasida 22 ta savdo va xizmat ko‘rsatish muassasalari faoliyat yuritib kelmoqda, ulardan 10 tasi umumiy ovqatlanish korxonalari, 4 tasi kiyim-kechak do‘koni, 4 tasi savdo rastasi, 1 ta dorixona, 1 ta kibersport markazi tashkil etadi, shuningdek ko‘chada 1 ta huquqiy maslahat markazi, 1 ta uyali aloqa, 1 ta bank kompaniyasining filiali va 3 ta bankomat ham mavjud;
Shuningdek, shaharda 24/7 rejimda faol bo‘ladigan ko‘chalar tashkil etishga aholi va tadbirkorlarda ehtiyoj va ishtiyoq yuqori bo‘lib, Yakkasaroy, Yashnobod, Shayxontohur, Sergeli, Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi ko‘chalarning salohiyati o‘rganildi.
Shu bilan birga, hozirda 24/7 ko‘chalarini tashkil etish mezonlari (ko‘chalarning xizmat ko‘rsatish shakli, vaqt rejimi, uzunligi va boshqa minimal talablar) belgilanmaganligi mazkur ko‘chalarning iqtisodiy samaradorligini to‘g‘ri aniqlash imkoniyatini cheklamoqda.
Yuqoridagilarga asosan Strategik islohotlar agentligi tomonidan quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
- Chet el tajribasiga tayangan holda 24/7 ko‘chalarini tashkil etish mezonlarini va minimal talablarini ishlab chiqish hamda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlash;
- 24/7 ko‘chalarini tashkil etish mezonlari va minimal talablari asosida hududlarda shunday ko‘chalarni tashkil etish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqish;