2024-yil noyabr oyida O‘zbekistonda ayollar salomatligini mustahkamlash yo‘nalishida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash bo‘yicha ginekologlar uchun o‘quv dasturi ishga tushirildi. Mazkur dastur ijrosini monitoring qilish va baholash Strategik islohotlar agentligi zimmasiga yuklatilgan.
Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-noyabrdagi “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-402-sonli qarorining ijrosini ta’minlash doirasida Strategik islohotlar agentligi tomonidan “Yuta” universitetining (AQSh) yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining filiallarida faoliyat olib boradigan shifokorlarni kolposkopiya bo‘yicha o‘qitish kurslari tashkil etildi.
Kolposkopiya bachadon bo‘yni saratoni yoki prekanseroz kasalliklarni aniqlash uchun ishlatiladigan muhim diagnostika usuli hisoblanib, ushbu usul bachadon bo‘yni saratoni skrining jarayonining asosiy bosqichidir. Hozirga kunda O‘zbekistonda kam sonli mutaxassislar xalqaro miqyosda tan olingan kolposkopiya sertifikatiga ega bo‘lib, ushbu trening nafaqat ishtirokchilarga xalqaro sertifikatni taqdim qiladi, balkim saraton tashxisini takomillashtirishda muhim qadam hisoblanadi.
Murabbiylarga amaliy mashg‘ulotlar uchun zamonaviy mulyajlar va uskunalar taqdim etilib, o‘quv jarayonining imkon qadar samaraliligi ta’minlandi. O‘quv dasturi 4 ta o‘quv bosqichdan iborat bo‘ladi va shifokorlarning bilim va amaliy ko‘nikmalari oshiriladi. Barcha bosqichlar tugagach hamda muvaffaqiyatli sertifikatlashdan o‘tilgandan so‘ng ishtirokchilar Saratonga qarshi kurash xalqaro ginekologlar assotsiatsiyasi sertifikati taqdirlanadi. Ta’kidlash joizki, mahalliy shifokorlar olgan bilimlarini o‘z hamkasblariga o‘rgatadi va olingan malakalarini butun mamlakat bo‘ylab tarqatish imkoniyati yaratiladi.
Trening yakunida “onkonazorat” kabinetlarida ginekolog shifokorlarni tayyorlaydigan 20 nafar milliy darajadagi usta-murabbiyalar malakasi oshiriladi.
Trening AQSHning “Yuta” universiteti, Strategik islohotlar agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ko‘magida tashkil etildi. Mutaxassislarning tashrifini “Stirling Foundation” jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-402-sonli qarorining asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
- Saratonni erta aniqlash tizimini ishlab chiqish. Ayollar orasida saraton kasalligini skrining, diagnostika va davolash usullarini takomillashtirish.
- Shifokorlar malakasini oshirish. Qarorda tibbiyot xodimlarini, ayniqsa, ginekolog va boshqa mutaxassislarni saraton kasalligini aniqlashning zamonaviy usullari, masalan, kolposkopiya va boshqa skrining usullariga o‘rgatish.
- Xalqaro hamkorlik. Qaror doirasida xalqaro mutaxassislar va tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatib, O‘zbekistonda onkologiya sohasida mutaxassislarning ko‘nikmalari va tajribasi oshirish.
- Infratuzilmani mustahkamlash. Mavjud sog‘liqni saqlash muassasalarini modernizatsiya qilish, ularni saraton kasalliklarini erta aniqlash uchun zarur vositalar va texnik jihozlar bilan ta’minlash.
PQ-402-sonli qaror O‘zbekistonda ayollar salomatligini yaxshilashga hamda onkologik kasalliklarning oldini olish va erta tashxis qo‘yish tizimini yaratishga, onkologik kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlashga va muvaffaqiyatli davolash imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirishga qaratilgan.