Strategik islohotlar agentligida Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muhokamaning asosiy mavzusi O‘zbekistonda strategik rejalashtirish tizimini takomillashtirish, shu jumladan asosiy islohotlarni ishlab chiqish va xalqaro standartlarni rejalashtirish jarayoniga joriy etish masalalariga bag‘ishlandi.
Uchrashuv davomida milliy va tarmoqlar darajasidagi amaldagi strategik rejalashtirish tizimi muhokama qilindi. Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov mavjud tizimni o‘rganish 2023-yilda GIZ tomonidan moliyalashtirilgan xalqaro ekspertlarning ko‘magida boshlanganlgini ta’kidlab, tadqiqotlar natijasida 130 ga yaqin strategik hujjatlar aniqlanganligini, ularning aksariyati xalqaro standartlarga javob bermasligi va amalga oshirish uchun zarur resurslar bo‘yicha aniq ma’lumotlarni o‘z ichiga olmasligini bildirdi.
Olingan ma’lumotlar asosida Agentlik tomonidan “Strategik rejalashtirish tizimini joriy etish bo‘yicha ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu hujjat strategik hujjatlarning aniq iyerarxiyasini va ularning tasnifini belgilab berish bilan birga, Agentlik hamda vazirlik va idoralar tarkibidagi strategik rejalashtirish bo‘linmalarining asosiy rolini mustahkamlaydi.
Muhokamada boshqaruv jarayonlarida obyektiv ma’lumotlardan foydalanish ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, Agentlik huzuridagi “Delivery Unit” ofisi “Milliy ma’lumotlarni boshqarish tizimi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqmoqda. Ushbu qonun asosida ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilinishi va davlat boshqaruvi sifatining oshishi ta’minlanadi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar tarmoq strategiyalari va investitsion dasturlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni takomillashtirish, shuningdek, ularni byudjet tizimi va asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) tizimiga integratsiya qilish masalalarini muhokama qilishdi. Strategiyalarning bajarilishini nazorat qilish mexanizmlari va byudjet mablag‘laridan foydalanish uchun javobgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Muhokamaning muhim jihatlaridan biri iqlim kun tartibini strategik rejalashtirish jarayoniga integratsiya qilish bo‘ldi. Farmon loyihasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan ekologik ekspertizalarni majburiy ravishda o‘tkazish tartibi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu yangi strategiyalarning “yashil” rivojlanish tamoyillariga va barqaror o‘sishga mosligini ta’minlaydi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda xalqaro standartlarga asoslangan samarali strategik rejalashtirish tizimini yaratish uchun yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.