Bugun “Mamlakat platformasi” doirasida 2025-yildagi ilk davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Strategik islohotlar agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yevropa Ittifoqi hamkorligida tashkil etildi. Yig‘ilishda vazirlik va idoralar hamda xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat bo‘lgan 90 dan ortiq ekspertlar ishtirok etib, iqtisodiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, ekologik holat va moliyaviy boshqaruv masalalarini muhokama qildilar.
Tadbir davomida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan birgalikda barqaror rivojlanishga qaratilgan islohotlarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni taqdim etdi. Tez sur’atlarda rivojlanayotgan iqtisodiyot tabiiy resurslarga va aholi hayot sifatiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois, 2025-yil O‘zbekistonda “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingan bo‘lib, sanoatning zararli ta’sirini kamaytirish va ekologik barqarorlikni oshirish bo‘yicha tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish strategiyasini taqdim etdi. Uning ustuvor yo‘nalishlari quyidagilardan iborat: budjet jarayonlarini raqamlashtirish, ekologik va genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirish, davlat investitsiyalarining samaradorligini oshirish. Osiyo taraqqiyot banki ushbu islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, moliya tizimi shaffofligini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi qishloq xo‘jaligi subsidiyalarining samaradorligi bo‘yicha tadqiqot natijalarini taqdim etdi. Ushbu tahlil subsidiyalarni yanada optimal taqsimlash, budjet yuklamasini kamaytirish va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoniga ta’sirini baholash imkonini beradi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar:
“Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, qishloq xo‘jaligini subsidiyalash bo‘yicha strategik yondashuv zarur bo‘lmoqda. Maqsad – ushbu subsidiyalarni xalqaro miqyosda raqobatbardosh, ekologik toza, iqlim o‘zgarishlariga moslashuvchan va ijtimoiy jihatdan inklyuziv agroozik-ovqat sektorini rivojlantirishga yo‘naltirishdir.”
Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov quyidagilarni ta’kidladi: “Mamlakat Platformasining asosiy maqsadi – islohotlar bo‘yicha muloqotni rivojlantirish va xalqaro moliyaviy institutlar hamda xorijiy hamkorlar tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni qo‘llab-quvvatlashni muvofiqlashtirishdir. Bu maqsadga erishish uchun “Mamlakat Platformasi” hukumat tomonidan yanada samarali ma’muriy qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Platformaning Kengashi, ishchi guruhlari va Kotibiyatining vazifalari va huquqlarini aniq belgilash muhim. Shu bois, Agentlik ushbu masalalarni hal etish bo‘yicha maxsus prezident farmoni loyihasi ustida ish olib bormoqda.”
Davra suhbati davlat tashkilotlari va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlik yuqori darajada ekanligini tasdiqladi. Bu esa “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida muhim iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishga xizmat qiladi.