Strategik islohotlar agentligi Sirdaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda Sirdaryo viloyatida o‘rganishlar olib borib, sanoat, investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlikni rivojlantirish, qurilish, renovatsiya va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan boshqa jami 11 ta yo‘nalish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi va Sirdaryoni kompleks rivojlantirishga doir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqdi.
Ma’lumot uchun: Sirdaryo viloyatining hududi – 4,3 ming km2, mahallalar soni – 239 ta, viloyat aholisi – 930 ming.
Xususan, sanoat yo‘nalishida “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi qo‘shimcha 800 gektardan ziyod yer maydoniga kengaytirilishi nazarda tutilmoqda.
Bu borada Shirin shahri, Xovos, Mirzaobod, Oqoltin, Guliston, Boyovut va Sardoba tumanlaridan o‘tkazilayotgan hududlarda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash maqsadida aniq manzilli dastur ishlab chiqildi.
Natijada, 2025-2027 yillarda elektronika, farmatsevtika, to‘qimachilik, kimyo sanoati, qurilish materiallari va boshqa yo‘nalishlarda 5 mlrd dollarlik yirik loyihalari joylashtiriladi va 20 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha Sirdaryo viloyatining 8 ta tumanidagi meliorativ holati og‘ir bo‘lgan past rentabelli 25 ming gektar yer maydonlarida sholi yetishtirish hamda viloyatda yetishtiriladigan uzun donli “Lazer” navli 40 mln dollarlik guruch mahsulotini eksport qilish taklif qilinmoqda.
Sirdaryo viloyatida xizmatlar va turizm sohalarini rivojlantirish bo‘yicha bugungi kunda Sirdaryo viloyatidagi avtomobil tranzit salohiyatidan foydalanish, xalqaro ahamiyatdagi yo‘l bo‘yidagi uchastkalarni savdo va servis obyektlarini joylashtirish maqsadida auksion savdolariga chiqarish taklifi tayyorlandi.
Bu borada viloyat hududidan o‘tadigan M–39, M–34, A–373 va A–376 xalqaro avtomagistral yo‘llari bo‘yidagi 48,6 gektar yer maydonida qiymati 195 mlrd so‘mlik 101 ta savdo va servis obyektlari ishga tushirilib, qariyb 350 dan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.
Transport infratuzilmasini rivojlantirish doirasida “Guliston – Toshkent – Xojikent” yo‘nalishi bo‘yicha zamonaviy elektr poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish va oylik yo‘l chiptasi tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Bugungi kunda Toshkent-Sirdaryo-Guliston-Xovos yo‘nalishlarida elektropoyezd yo‘lga qo‘yilgan va Toshkentdan Sirdaryoga 1 soat 45 daqiqa, Gulistonga 2 soat 25 daqiqa va Xovosga 3 soat 10 daqiqada yetib boradi.
Turizm yo‘nalishida Sirdaryo, Sayxunobod va Guliston tumanlaridan o‘tgan uzunligi 108 km bo‘lgan Sirdaryo daryosi hududidagi daryo bo‘yi havzalari hududida “Sirdaryo ekoturizm zonasi”ni tashkil etish va uning faoliyatini boshqarishni Ekoturizm departamenti zimmasiga yuklash nazarda tutilmoqda. Mazkur hududda yuqori qiymatli investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun daryoning qulay va xavfsiz bo‘lgan tegishli qismlaridagi muhofaza zonasi amaldagi 300 metrdan 100 metrgacha qisqartiriladi.
Viloyatda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida Guliston shahridagi I.Karimov ko‘chasini 24/7 ko‘chasiga aylantirish maqsadida uni obodonlashtirish, infratuzilma obyektlari, yashil hududlar barpo etish, ko‘p qavvatli uylarni fasad qismini ta’mirlash va zamonaviy piyodalar yo‘laklarini qurish hamda taniqli mahalliy va xorijiy brendlarni jalb ishlarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Xovos tumanida joylashgan “Xovosobod–Zafarobod” chegara bojxona postiga xalqaro maqom berilganligini inobatga olib, uning tutash hududidagi 7 gektar zaxira yer maydonida chegaraoldi savdo, logistika va tibbiyot markazlarini hamda boshqa xizmat ko‘rsatish obyektlarni tashkil etish taklifi ishlab chiqildi. Buning natijasida 32 ta obyekt ishga tushirilib, 250 nafardan yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Mazkur ishlar natijasida 20 mlrd so‘m mahalliy investitsiya kiritiladi, xizmatlar hajmi 15 mlrd so‘mga ortadi, 25 ta ko‘shimcha tadbirkorlik subyektlari tashkil etiladi, 85 ta ish o‘rnlari yaratiladi, 15 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi, 1 mlrd so‘m soliq tushumlari tushiriladi.
Bundan tashqari, Guliston shahrini ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida 41 km ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, 2 dona ichimlik suvi inshoatini ta’mirlash, inshoatga qaytadigan 4,5 km yangi tarmoq qurilishi nazarda tutilmoqda.
Renovatsiya tajribasi asosida viloyatdagi 11 mahalladagi jismonan va ma’nan eskirgan hamda avariya holatidagi bir va ikki qavatli uy-joylar o‘rnida investor tomonidan zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar barpo qilinishi ko‘zda tutilgan takliflar ishlab chiqildi.
Hozirda viloyatda rekonstruksiya qilinishi talab qilinadigan jismonan va ma’nan eskirgan bir va ikki qavatli uylar soni 356 tani tashkil etib (1949-1970 yy. qurilgan, kanalizatsiya tizimi mavjud emas), ularda 21 571 nafar fuqaro yashab kelmoqda.
Sirdaryo viloyatining infratuzilmasini modernizatsiya qilish (ichki yo‘l va ko‘priklar, ichimlik va oqava suv, ijtimoiy obyektlar, uy-joy fondini yaxshilash va boshqalar) hamda uning logistik markaz sifatidagi salohiyatini oshirish maqsadida 2025-2027 yillarda viloyatdagi 343 km avtomobil yo‘llari va 13 ta ko‘priklarni ta’mirlash nazarda tutilmoqda.
Masalan, viloyatda jami 239,1 km asfaltlashmagan (tuproq) yo‘llar mavjud. Sardoba tumanida 8 ta mahallada ichimlik suvi yo‘qligi sababli 7,3 km uzunlikdagi ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, suv inshootlarini rekonstruksiya qilish va yangisini o‘rnatish zaruriyati mavjud.
Shu bilan birga Guliston va Shirin shaharlari hududini kengaytirish, ularda xizmat ko‘rsatish va urbanizatsiyani rivojlantirish nazarda tutilmoqda.
Ishlab chiqilgan takliflarni amalga oshirish natijasida Sirdaryo viloyatining yalpi hududiy mahsulot hajmining 25,3 trln so‘mdan 30,7 trln so‘mga yoki 105,8 foizga o‘sishini ta’minlash, shu jumladan xizmatlar hajmini 17 foizga ko‘paytirib, uning ulushini 33,2 foizga yetkazish maqsad qilingan.