Strategik islohotlar agentligi huzuridagi “Delivery Unit” ofisi va Raqamli texnologiyalar vazirligining tashabbusi bilan “Ma’lumotlarni boshqarishning milliy tizimi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqish bo‘yicha ishchi yig‘ilish tashkil etildi.
Uchrashuvda 35 dan ortiq vazirlik va idoralarning strategik rivojlanish va yig‘ma axborot-tahliliy boshqarmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar Qonun loyihasini amal qilish doirasi hamda asosiy siyosiy va texnik jihatlari muhokama qildi. Barcha bandlar amaldagi qonunchilik va ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish asosida ishlab chiqilishi ta’kidlab o‘tildi.
“Delivery Unit” ofisi rahbari Aziza Umarova tomonidan ishonchli dalillar asosida qarorlar qabul qilish uchun tegishli ma’lumotlarning integratsiyasini ta’minlash va ularni turli vazirliklarga taqdim etish muhimligi ta’kidlab o‘tildi. Rejalashtirilgan chora-tadbirlar qarorlar sifatini oshiribgina qolmay, byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanishni ham ta’minlashi kutilmoqda.
Belgilangan maqsadlarga erishish va mahallalar darajasida siyosatni samarali amalga oshirish maqsadida maʼlumotlarni “mahallabay” darajasida detallashtirish taklifi ilgari surilmoqda. Maʼlumotlarni boshqarish boʻyicha yangi strategiya doirasida davlat xizmatchilarga maʼlumotlarni funksional vazifalariga qarab taqdim etiladi. Yuqori darajadagi davlat xizmatchilari uchun onlayn boshqaruv paneli “Dashbord” dasturi yaratiladi, qaror qabul qilishda esa analitik imkoniyatlarni yaxshilash maqsadida sun’iy intellektdan foydalaniladi.
Konsepsiya ma’lumotlar almashinuvi shaxsiy ma’lumotlarga doir amaldagi qonunchilikka mos kelishligi va shaxsiy ma’lumotlar himoyasini ta’minlashga qaratilgan talablarga muvofiq ishlab chiqilmoqda. Qonun loyihasini ishlab chiqish uchun 15 taga yaqin davlat organi vakillari ishtirokida ishchi guruh tuzish koʻzda tutilgan.
Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari tomonidan Idoralararo integratsiya platformasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida qo‘shimcha ma’lumot taqdim etildi. Shuningdek yig‘ilish davomida joriy yilning oktabr oyida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-358-son qarori taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.