Bugun Strategik islohotlar agentligida Agentlik direktori Baxodir Raxmatovning Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi yangi elchisi Toyvo Klaar va “Mamlakat Platformasi” menedjeri Yana Kurpisa bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida xalqaro ekspertlarni jalb qilish va “Mamlakat Platformasi”ni yanada rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: “Mamlakat platformasi” mexanizmi 2019-yilda Vashingtonda bo‘lib o‘tgan Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasi Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishlari doirasida joriy etilgan. “Mamlakat platformasi”ning maqsadi ushbu mamlakatlar hukumatlarining xalqaro moliya institutlari, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatuvchi ikki tomonlama rivojlanish bo‘yicha hamkorlari bilan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shadigan davlat dasturlari va loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirishdan iborat.
Muhokama davomida tomonlar “Mamlakat platformasi”ni O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tarmoqlariga xorijiy investitsiyalar va tajribalarni jalb qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtiruvchi mexanizm sifatida rivojlantirish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, 2024-yil dekabr oyiga rejalashtirilgan 4-davra suhbati uchun tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
T.Klaar o‘z navbatida Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va xalqaro iqtisodiyotga yanada chuqurroq integratsiyalashuv yo‘lida to‘liq yordam berishga tayyor ekanligini bildirdi. Baxodir Raxmatov esa Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikning ahamiyatini yuqori baholadi va bunday uchrashuvlar mamlakatning uzoq muddatli islohotlarini amalga oshirish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va aholining turmush darajasini oshirish yo‘lida muhim qadam ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, Toyvo Klaar O‘zbekiston vazirliklari va idoralarining loyihalarni amalga oshirishdagi faolligi masalasini ko‘tardi va belgilangan maqsadlarga erishish uchun ularning yanada faol ishtirok etishining ahamiyatini ta’kidladi. “Mamlakat Platformasi” doirasidagi tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish turli davlat idoralari o‘rtasida yaqin hamkorlik va doimiy axborot almashinuvini talab qilishi qayd etildi.