Strategik islohotlar agentligida Global yashil o‘sish instituti (GGGI) va Koreya eksportni rivojlantirish assotsiatsiyasi (KEP) vakillari bilan barqaror rivojlanish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va suv resurslarini boshqarish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov, Global yashil o‘sish institutining O‘zbekistondagi vakili Aaron Rassel, Koreya eksportni rivojlantirish assotsiatsiyasi maslahatchisi Luvshan Vanjildorj, GGGI katta xodimi Baxtiyor Rajabov hamda GGGI O‘zbekistondagi loyihalar bo‘yicha yordamchisi Doniyor Mahmudov ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida “Markaziy Osiyoda toshqinlar va qurg‘oqchilikka qarshi innovatsion “aqlli” usullarni joriy etish orqali iqlim o‘zgarishiga moslashuvchanlikni oshirish” nomli tashabbusi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Loyiha 2024-2027 yillar oralig‘ida amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, mintaqada iqlim bilan bog‘liq xavf-xatarlarni kamaytirish maqsadida ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan. Markaziy Osiyo uchun dolzarb bo‘lgan ushbu masalada toshqinlar va qurg‘oqchilikka qarshi intellektual yechimlar joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda muhokama qilingan asosiy mavzulardan biri suv resurslarini boshqarish va toshqin xavfini kamaytirishga bag‘ishlandi. Xalqaro tashkilotlar va hukumat o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, suvdan foydalanishning transchegaraviy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari yangi loyihalar istiqbollarini ham muhokama qildilar va amalga oshirilayotgan tashabbuslarning maksimal natijasiga erishish maqsadida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.