Joylardagi vaziyatni chuqurroq o‘rganish va hududlar bilan samarali hamkorlik qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining 16 nafar xodimi Surxondaryo, Buxoro va Toshkent viloyatlariga xizmat safariga jo‘nab ketdi.
Agentlik xodimlari Buxoro viloyatidagi faoliyati davomida Buxoro shahridagi “mahalla yettiligi” “Ko‘kaldosh” MChJ vakillari bilan uchrashdi. Mahalladagi ishsizlarni aniqlash mexanizmini o‘rganib, korxonalar faoliyatining sustlashish sabablarini aniqlashga qaratilgan hududiy ko‘rsatkichlar tahlil qilindi. Buxoro viloyati hokimligida Agentlik xodimlari va viloyat iqtisodiy kompleks rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, unda viloyat iqtisodiyotini rivojlantirishning dolzarb vazifalari va istiqbollari muhokama qilindi.
G‘ijduvon, Shofirkon va Olot tumanlarida ham yig‘ilishlar tashkil etilib, unda Davlatimiz Rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar, hududlarni rivojlantirish muammolari va istiqbollari muhokama qilindi. Tashrif davomida Agentlik vakillari tadbirkorlar va mahallalar vakillari bilan ham uchrashdilar.
Surxondaryo viloyatida o‘z navbatida Jarqo‘rg‘on tumanidagi “PETROMARUZ” va “CHAROG‘ON TEKSTIL” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyati o‘rganildi. Toshkent viloyati Olmaliq shahar hokimligida tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, unda viloyat tadbirkorlari duch kelayotgan tizimli muammolar qizg‘in muhokama qilindi.
Strategik islohotlar agentligi xodimlari hududlardagi vaziyatni o’rganishda, mahalliy hamjamiyat bilan faol muloqot qilishda va mavjud vaziyatni baholashda davom etmoqdalar. Safar davomida aniqlangan uchrashuvlar, tahlillar va istiqbollar haqida batafsil ma’lumotlar tez orada taqdim etiladi. Amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot olish uchun bizni kuzatib boring.