Strategik islohotlar agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishning 2024 yildagi ustuvor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Qaror bilan 2024 yilda ustuvor yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirishga doir jami 78 ta aniq chora-tadbirlardan iborat reja tasdiqlandi.
Chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish natijasida 2024 yilda 61 ta huquqiy hujjat loyihalari, shu jumladan 16 ta qonun, 26 ta Prezident farmonlari va qarorlari, 19 ta Hukumat hujjatlari ishlab chiqiladi. Mazkur tadbirlarni to‘liq va sifatli amalga oshirish maqsadida Strategik islohotlar agentligi direktori B.Raxmatov va Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qo‘chqorov rahbarligida Muvofiqlashtiruvchi guruh tashkil qilindi.
Yo‘nalishlar bo‘yicha kichik ishchi guruhlar tuzilib, ishchi guruhlarga 140 dan ortiq ilmiy tashkilotlar, oliygohlar mutaxassislari va xorijiy ekspertlar jalb qilinishi nazarda tutilgan. Har bir yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan Prezidentga oyma-oy axborot berib boriladi va tegishli yig‘ilishlar tashkil qilinadi.
Loyihada jami 10 ta yo‘nalish (energetika, transport, telekommunikatsiya, urbanizatsiya, biznes va agrar, makroiqtisodiyot, davlat korxonalari transformatsiyasi, turizm va yashil iqtisodiyot va innovatsiya) ko‘zda tutilgan.
Xususan, makroiqtisodiyot yo‘nalishida konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foizdan oshirmaslik, 2025-2030 yy. davlat moliyasini boshqarish strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Davlat korxonalari transformatsiyasi yo‘nalishida xususiylashtirish jarayonlarida 20 trln so‘mlik tushumlarni taʼminlash, 18 ta yirik korxonalarning aksiya paketlarini xalqaro bozorda ommaviy savdoga chiqarish nazarda tutilmoqda.
Turizm yo‘nalishiga doir chora-tadbirlar doirasida “Turistik investor” tizimini joriy qilish, Toshkent viloyatida yangilangan turizm konsepsiyasini ishlab chiqish, turizmning yangi turlariga ruxsat berish bo‘yicha ishlar olib boriladi. Yashil iqtisodiyot va innovatsiya bo‘yicha “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash va yangi moliyalashtirish tizimining joriy qilinishi kutilmoqda.
Hujjat iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, fuqarolar hayotini yaxshilashga qaratilgan. Ushbu islohotlarning amalga oshirilishi O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida zamonaviy va raqobatbardosh davlat sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.