Strategik islohotlar agentligi xodimlari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylardagi vaziyat tahlil qilinib, fuqarolarni o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan uchrashuvlar tashkil etildi va muammolarni hal etish imkoniyatlari o‘rganildi.
Xususan, Toshkent shahridagi markaziy temir yo‘l kassalarida chiptalar savdosi bilan bog‘liq holat va yo‘lovchilarning narxlarga doir fikrlari o‘rganildi. Fuqarolarning ta’kidlashicha, chiptalar narxi o‘rtacha 20 foizga oshganiga qaramay, vagonlarda xizmat ko‘rsatish sifati o‘zgarishsiz qolgan.
Shuningdek, qishki ta’tilda talabalarning temir yo‘l transportida qatnovi cheklangani va chiptalar yetishmasligi muammosi ham ko‘rib chiqildi. Ta’kidlash joizki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mavjud poyezdlarga qo‘shimcha vagonlar qo‘shish, qo‘shimcha harakatni tashkil etish va ajratilgan platskart vagonlarida qatnov yo‘lga qo‘yish uchun alohida kassa tashkil etish kabi zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Chiptalarni onlayn sotish mexanizmlari samaradorligi ham alohida baholandi. Ma’lum bo‘lishicha, 2023-yil 11-dekabrdan joriy yilning 5-yanvarigacha bo‘lgan davrda talabalar 26 mingdan ortiq chiptani 50 foizlik chegirma bilan xarid qilgan bo‘lsa, shundan 18 mingga yaqini onlayn tarzda xarid qilingan. Ayni paytda barcha mahalliy yo‘nalishlar bo‘yicha temir yo‘l chiptalarining 55 foizdan ortig‘i elektron savdo tizimi orqali sotilmoqda, shaffoflikni ta’minlash va tashish uchun qo‘shimcha o‘rindiqlar taqdim etish orqali chiptalar tanqisligi muammosi bosqichma-bosqich hal etilmoqda.
Temir yo‘l chiptalari narxi sezilarli darajada oshishi munosabati bilan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini ham oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Yo‘lovchilarga chiptalar xarid qilish jarayonida ham, vokzallar hududida va poyezdlar ichida ham xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga xizmat qiladigan qator chora-tadbirlar belgilandi.
Aholiga bank xizmatlari ko‘rsatish borasidagi fuqarolarning alohida murojaatlari yuzasidan Agentlik xodimlari Markaziy bankning Toshkent shahar bosh boshqarmasi boshlig‘i Sh.Xojizadayev va uning o‘rinbosari D.Ismatovlar bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Uchrashuv davomida aholiga onlayn xizmatlar ko‘rsatish sifati va hajmi, bank xizmatlarini yanada raqamlashtirish masalalari o‘rganildi, qaytarilmas risk ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda aholiga bank xizmatlarining talab eng yuqori bo‘lgan yo‘nalishlari ro‘yxatiga aniqlik kiritildi.
Sanoatning ayrim tarmoqlari, xususan, ipakchilik sanoati korxonalarining eksport salohiyatini oshirishga ham e’tibor qaratildi. Muhokamada “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi investisiya va sanoat boshqarmasi boshlig‘i I.Sayfullayev, “Agropilla” MChJ (Toshkent viloyati) direktori A.Boyqobilov, “Toshkent Silk pro” mas’uliyati cheklangan jamiyati (Toshkent viloyati Buka tumani) rahbari A.O‘roqovlar ishtirok etdilar. Aholini ipak qurtini parvarish qilish, oziq-ovqat bilan ta’minlashni rivojlantirish, sifatli xomashyo yetishtirish va qayta ishlash hajmini oshirishga qaratilgan qator yangiliklar belgilandi.
Fuqarolarni xorijda ishlashga tashkiliy ravishda jalb etishni ko‘paytirish masalalari ham o‘rganildi. Mas’ul tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, joylardagi sharoitlar tahlil qilindi va xorijda ishlashga qiziqish bildirayotgan fuqarolarning fikr-mulohazalari tinglandi. Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda ish beruvchilar talablarini inobatga olgan holda xorijiy tillarni talab darajasida bilgan va kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan nomzodlarni xorijda ishlash uchun ishga yollash ancha qiyin kechmoqda. Bu esa xorijda taklif etilayotgan bo’sh ish o’rinlarining sezilarli qismini to’ldirishni murakkablashtiradi.
Shu munosabat bilan ushbu sohada kompleks yondashuvni joriy etish taklif etilmoqda: a) yuqori malakali nomzodlarni tezkor qidirishni talab qiluvchi vakant o‘rinlarni qisqa muddatda to‘ldirish, bunda o‘z navbatida tegishli kasbiy malakaga ega nomzodlarni qidirish va ish beruvchining ehtiyojlariga javob beradigan chet tilini zarur darada bilish nazarda tutilgan; b) xorijda ishlash istagida bo‘lgan, lekin zarur malaka va til bilish ko‘nikmalariga ega bo‘lmagan fuqarolarni aniqlash va ma’lumotlar bazasini shakllantirish. Ular “Mahalla” tizimida yakka tartibdagi ishchi sifatida ish beruvchilar talablariga muvofiq kurslar va malaka oshirishga jalb etiladilar.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga soliq solish, investisiyalar oqimi, raqamlashtirish, yashil iqtisodiyot, yengil sanoat korxonalaridagi tizimli muammolar, sayyohlar oqimini ko‘paytirish, notarial harakatlar, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va maktabgacha ta’lim muassasalaridagi ta’lim muammolarini o‘rganish bo‘yicha ishlar olib borildi. Ushbu yo’nalishdagi tegishli qadamlar to’g’risidagi ma’lumotlar ekspertlar bilan muhokama qilingach, alohida e’lon qilinadi.