Strategik islohotlar agentligida O‘zbekistonda Toshkent xalqaro tijorat sudini (TXTS) tashkil etish masalalarini o‘rganish bo‘yicha Ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Agentlik direktori B.Raхmatov boshchiligida o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Prezidentining iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi devonining huquqiy masalalar bo‘yicha eksperti Mari-Enn Birken, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari B.Obidov, ISSV Investitsiya muhitini takomillashtirish va reyting boshqarmasi boshlig‘i A. Sim, Oliy sud departamenti boshlig‘i Sh.Nazarov, Oliy sud sudyasi I. Tojiev, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.v.b. I.Rustambekov, Toshkent xalqaro arbitraj markazi direktori D.Bayzakova, Adliya vazirligi bosh konsultanti A.Bekmirzayev, “Centil Law” kompaniyasi yuristi A.Djurajonov va SIA xodimi A.Dehqonov ishtirok etdi.
Uchrashuvda tomonlar Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etilishi mamlakatimizda biznes-muhtini yaxshilash yo‘lidagi muhimqadam bo‘lishini ta’kidladilar. TXTS tomonlardan biri norezident – chet ellik shaxs bo‘ladigan tijorat nizolarini ko’rib chiqish va tezkor hal etishga hissa qo‘shadi.
“Toshkent xalqaro tijorat sudi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi, shuningdek, Meri-Enn Birkenning takliflari muhokama qilingach, vazirlik va idoralar vakillari dastlab konseptual masalalarni, jumladan, O‘zbekistonda tijorat sudi maqomi, uning yurisdiksiyasi, faoliyatining protsessual qoidalari va moliyalashtirish mexanizmlariga doir masalalarni hal etish zarurligini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida manfaatdor tomonlarning fikr-mulohazalari va takliflarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent xalqaro tijorat sudini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi va uni amalga oshirishga doir “Yo‘l xaritasi”, shuningdek “Toshkent xalqaro tijorat sudini tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi va Qonun loyihasining qiyosiy jadvali kabi hujjatlarni Strategik islohotlar agentligida tayyorlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.