Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda 2023-yil 6-oktyabr kuni “Oʻzbekistonda kuz-qish mavsumida tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan taʼminlashga tayyorlikni oshirish va anomal ob-havo sharoitlarida harakat qilish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha ilgʻor xalqaro tajribalar va meʼyoriy-huquqiy bazalar” mavzusida seminar tashkil etildi.
Seminarda mahalliy hokimiyat vakillari hamda respublikaning tuman, shahar elektr va tabiiy gaz taʼminoti korxonalarining 250 dan ortiq xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda Amerika Qoʻshma Shtatlari va Yevropa Ittifoqi davlatlaridan taklif etilgan ekspertlar rivojlangan davlatlarda mahalliy hokimiyat organlari hamda energiya taʼminoti tashkilotlarining hududlarni va aholini kuz-qish mavsumida hamda anomal ob-havo sharoitlarida elektr va tabiiy gaz taʼminotida hamkorlikda harakat qilish tajribasi boʻyicha maʼlumot berdi. Jumladan:
•2023/2024-yil kuz-qish mavsumi uchun Oʻzbekiston yoqilgʻi-energetika tizimining muvofiqligi;
•Issiqlik elektr stansiyalari uchun yoqilgʻining minimal zaxira hajmlari yaratilishi (energetika tizimi muvozanatida ishtirok etuvchi elektr stansiyalari uchun 8 kunlik, maksimal yuklamada ishlovchi stansiyalar uchun 1 kunlik boshqa turdagi yoqilgʻi zaxira boʻlishi tavsiya etildi);
•turli xil anomal vaziyatlar ssenariylarini modellashtirish va xavflarni kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
•mintaqaviy hamkorlik orqali samaraliroq va arzonroq chora-tadbirlar imkoniyatlaridan kengroq foydalanish;
•isteʼmolchilarni cheklash metodologiyasini ishlab chiqish va boshqa harakat qilish faoliyatlari tajribasi koʻrib chiqildi.
Tadbir natijasida xalqaro ekspertlar yordamida respublikada kuz-qish mavsumida vujudga kelishi mumkin boʻlgan anomal vaziyatlarda mahalliy davlat hokimiyati va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda yoqilgʻi energetika tizimi korxonalarining muvofiqlashtirilgan harakat faoliyatini tashkil etishga yoʻnaltirgan meʼyoriy-huquqiy bazani yaratishga kelishib olindi.