Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligida Agentlikning Bosh direktori birinchi oʻrinbosari Abdulla Abduqodirov boshchiligida Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan davlat fuqarolik xizmatchilari uchun oʻquv seminari boʻlib oʻtdi. Tadbir, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi va Adliya vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
Asosiy maʼruzachilar sifatida Jamoat xavfsizligi universiteti professori, yuridik fanlar doktori Surayyo Maxmudovna Raxmonova, Toshkent davlat yuridik universiteti katta oʻqituvchisi Fazliddin Rafkatovich Samigʻjonov va IIV Akademiyasi kafedra boshligʻi, (PhD), dotsent Zokirjon Qodirovich Jabbarovlar ishtirok etishdi.
Seminardan asosiy maqsad — boshqaruvda konstitutsiyaviy normalarning ijrosini toʻliq taʼminlash, ularni davlat xizmatchisining har kunlik faoliyatiga tatbiq etish, pirovardida “inson qadri” tamoyili asosida xalqqa xizmat koʻrsatishning sifat darajasini oshirishga erishish.
Qizgʻin kechgan seminarda tinglovchilarga yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilgan qator normalar, jumladan “Miranda qoidasi” mazmun-mohiyati tushuntirildi, shuningdek, qonunchilik bazasini yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalari asosida qayta koʻrib chiqish jarayonlari haqida soʻz yuritildi.
Maʼlumot uchun: “Miranda qoidasi”ning konstitutsiyaviy mustahkamlanishi jinoyat ishi xolis tergov qilinishi va tergov organlari tomonidan har qanday gʻayriqonuniy harakatlar va taqiqlangan usullar qoʻllanilishining oldini oladi. Mazkur qoidaga koʻra, shaxsning huquqlari u yaxshi tushunadigan tilda tushuntirilishi talab etiladi. Bu aynan uning ona tili boʻlishi shart boʻlmay, shaxs odatda muloqot qiladigan va yaxshi tushunadigan til boʻlishi kerak. Ushbu qoida ushlangan shaxsga uning huquqlari real taʼminlanishini kafolatlaydi va unga nisbatan tergov organlari tomonidan aldov, notoʻgʻri maʼlumot berish va boshqa har qanday qonunga xilof usullar qoʻllanilishiga yoʻl qoʻymaydi.