Iqtisodiy o‘sish
Joriy yilning yanvar-iyul oylarida 345 trln so’mlik sanoat tovarlari ishlab chiqarilgan bo’lib o’tgan yilning mos davriga nisbatan real o’sish ko’rsatkichi 5,7 foizni tashkil etgan (o’tgan yilning mos davrida sanoat tovarlarining o’sish surati 5,5 foizni tashkil etgan edi).
Joriy yilning yetti oyida qurilish sohasida 80,5 trln so’mlik qurilish ishlari amalga oshirilgan. Sohaning o’sish surati 4,8 foizni tashkil etib, 2022-yilning mos davri bilan taqqoslaganda qurilish sohasidagi faollik biroz pasayganligini kuzatish mumkin. Xususan, 2022-yilning mos davrida qurilish sohasida o’sish 6,4 foizni tashkil etgan edi.
Joriy yilning yanvar-iyul oylarida chakana savdo aylanmasi 156,4 trln so’mni tashkil etib, o’tgan yilning mos davriga nisbatan 7,1 foizga o’sgan. Chakana savdo aylanmasi sog’lom suratlarda o’sayotgan bo’lishiga qaramasdan, o’sish surati 2022-yilning mos davri bilan taqqoslaganda biroz sekinlashgan (2022-yilning yanvar-may oylarida chakana savdo aylanmasining o’sish surati 11,2 foizni tashkil etgan edi.
Ko’rsatilgan bozor xizmatlari hajmi joriy yilning yetti oyida 250,1 trln so’mni tashkil etib, o’tgan yilning mos davriga nisbatan 12,4 foizga o’sgan. Ko’rsatilgan bozor xizmatlarining eng katta ulushi moliyaviy, transport hamda savdo xizmatlariga to’g’ri kelib, bu xizmatlarning hajmi mos ravishda 58,2 trln so’m, 57,6 trln so’m hamda 59,2 trln so’mni tashkil etgan.
1-diagramma: Iqitosodiyot sohalarining o’sish yanvar-iyul
Manba: https://stat.uz/images/uploads/reliz-2023/2_-infographic-rus_21082023.pdf
Inflyatsiya va pul-kredit siyosati
Joriy yilning avgust oyida oylik iste’mol narxlar indeksi 0,5 foizni tashkil etib, joriy yilning iyul oyiga nisbatan 0,7 foiz bandga tezlashgan. Bu holat mavsumiy pasayish omillarining ortda qolayotganligi bilan izohlanadi. Taqqoslash uchun, 2022-yilning avgust oyida oylik inflyatsiya joriy yildagi kabi tashkil etgan edi.
Avgust oyidagi narx o’sishida, oziq-ovqat mahsulotlarining oylik inflyatsiyasi 0,6 foiz, xizmatlar 0,7 foiz hamda nooziq-ovqat mahsulotlarining oylik narx o’sishi 0,4 foizni tashkil etgan. Iyul oyiga nisbatan oziq-ovqat mahsulotlari, xizmatlar hamda nooziq-ovqat mahsulotlarining narx o’sishi mos ravishda 1,5 foiz, 0,2 foiz hamda 0,1 foiz bandga tezlashgan.
2-diagramma: Oylik sarlavha va oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi
Manba: https://stat.uz/images/uploads/reliz-2023/press-reliz-za-avgust-2023-rus_narx.pdf
Yillik hisobda esa narxlar darajasi so’ngi 12 oyda 9 foizga o’sgan bo’lib o’tgan oyga nisbatan 0,1 foizga bandga tezlashgan. Ta’kidlash kerakki, joriy yilning mart oyidan buyon yillik inflyatsiya darajasi sezilarli darajada sekinlashmoqda. Xususan, fevral oyida yillik inflyatsiya darajasi 12,2 foizni tashkil etgan bo’lsa, mart oyida yillik inflyatsiya 0,5 foiz bandga, aprel oyida 0,7 foiz bandga, may oyida 0,6 foiz bandga hamda iyun oyida 1,4 foiz bandga sekinlashganligi kuzatildi. 2022-yilda geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi, bundan tashqari taklif zanjiridagi uzilishlar natijasida import tovarlari narxlarida keskin o’sish kuzatilgan edi. 2023-yilga kelib esa import tovarlari narxi bir muncha barqarorlashdi. Bu esa, joriy yil mart oyidan buyon yillik inflyatsiyaning sezilarli darajada sekinlashishiga olib keldi.
3-diagramma: Yillik isteʼmol narxlari indeksi (CPI)
Manba: https://stat.uz/images/uploads/reliz-2023/press-reliz-za-avgust-2023-rus_narx.pdf
Inflyatsiya darajasining pasayib borishi amalda asosiy stavka hamda inflyatsiya darajasi orasidagi farqning o’sib borishiga olib keldi. Xususan, hozirgi vaqtda asosiy stavka darajasi hamda inflyatsiya darajasi orasidagi ijobiy farq 5 foizga yetgan. Markaziy bank mart oyida asosiy stavkani 1 foiz bandga pasaytirgandan buyon, hozirgi kunga qadar asosiy stavkada boshqa o’zgarish qilmadi. Markaziy bank asosiy stavkani pasaytirmay kelayotganligi bir nechta omillar bilan izohlanadi. Birinchidan, joriy yilning oktyabr oyidan hukumat yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi hamda tabiiy gaz tariflarini erkinlashtirilishi rejalashtirilmoqda. Bu holat amalda iqtisodiyotdagi boshqa tovarlar narxlarning ham tezlashishiga sabab bo’lishi mumkin. Ikkinchidan, global bozorlarda ayrim qishloq xo’jaligi mahsulotlarining narxida o’suvchi tendensiya kuzatilmoqda, buning natijasida ayrim davlatlar baʼzi qishloq xo’jaligi mahsulotlarining eksportiga turli cheklovlar o’rnatmoqda (jumladan, Hindiston guruch eksportiga cheklov o’rnatdi). Bu holat ham import inflyatsiyasining tezlashishi natijasida ichki bozorda narxlar barqarorligiga salbiy ta’sir o’tkazishi mumkin. Uchinchidan, mintaqada geosiyosiy vaziyat keskinligicha qolmoqda, buning natijasida asosiy savdo hamkorlarimizning (jumladan Rossiya, Qozog’iston) milliy valyutalarida keskin tebranishlar kuzatilmoqda. Bu mamlakatlarda valyuta kursining o’zgarishi esa o’z navbatida milliy valyutamiz kursiga ham bosim o’tkazmasdan qolmaydi. Xususan, joriy yilning avgust oyida so’mning o’rtacha kursi 3 foiz qadrsizlandi. Yuqoridagi holatlar Markaziy bankda asosiy stavkani hozirgi holatida ushlab turishi uchun imkoniyat yaratayotganligi bois, Markaziy bank inflyatsiya darajasi pasayib borayotganligiga qaramasdan asosiy stavkani o’zgarishsiz saqlab turmoqda.
Xalqaro zaxiralar
Markaziy bank ma’lumotliga ko’ra, 1-sentyabr holatiga ko’ra, O’zbekistonning xalqaro zaxiralari 32,69 milliard dollarni tashkil qildi. Zaxiralarning o’tgan oylarga nisbatan qisqarish tendensiya si davom etib, bu holat ayniqsa avgust oyida tezlashganligi kuzatilgan. davom etdi: Xususan zaxiralar, iyul oyida 0,2% ga kamaygan bo’lsa, avgust oyida bu ko’rsatkich deyarli 3% ni tashkil etdi. Ushbu pasayishning asosiy qismini xorijiy valyutadagi aktivlar tashkil etmoqda. Xususan, Ular iyul oyida xalqaro zaxiralarning valyuta qismi 0,2 foizga qisqargan bo’lsa, avgust oyida bu ko’rsatgich 9 foizni tashkil etgan. Yil boshidan buyon esa valyutadagi zaxiralarning umumiy qiymati 33 foizga qisqargan. Oltin zaxiralarining qiymati esa so’ngi ikki oyda 1,5% oshgani holatida, zaxiralardagi oltinning fizik hajmi 0,7% ga qisqargan. Bu holat bu davrda oltin narxida biroz o’sish kuzatilganligi bilan izohlanadi.
O’zbekistondagi xalqaro zaxiralarning hozirgi darajasi XVF kabi xalqaro tashkilotlar tomonidan tavsiya etilgan darajadan ancha yuqoriligicha qolmoqda. Zaxiralar kamida 11 oylik importni qoplash uchun yetarli bo’lib, bu hali ham jahon va qo’shni mamlakatlardagi o’rtacha zaxiralar darajasidan sezilarli darajada yuqori hisoblanadi.
Valyuta kursi dinamikasi
4-diagramma: 2023-yil avgust oyiga nisbatan asosiy valyutalarning evolyutsiyasi (nominal valyuta kurslari)
2023-yil 31-iyul da 100 ga normallashtirildi; oshadi = so’mning qadrsizlanishi; Manba: Markaziy bank ma’lumotlariga asoslangan
2023-yil 11-avgustda so’m AQSH dollariga nisbatan 3,5 foizga qadrsizlandi (4-diagramma). Shu kuni O’zbekiston Markaziy banki so’mga nisbatan qadrsizlanish bosimini cheklash uchun o’z zaxiralaridan foydalanishni to’xtatgan bo’lishi mumkin. Bu holat 2023-yil boshidan buyon, asosan doimiy ravishda o’sib borayotgan savdo taqchilligi, ayniqsa importning o’sishi bilan izohlanadi. So’mning dollarga nisbatan qadrsizlanishi o’z navbatida yevro, qozoq tengesi, qirg’iz somi, tojik somonisi va turk lirasiga nisbatan ham kamida 3,5 foizga keskin qadrsizlanishiga olib keldi. Shundan so’ng AQSH dollari, qirg’iz so’mi va tojik somoni kursi o’zining yangi darajasida barqarorlashdi. Avgust oyining ikkinchi yarmida yevro hududidagi iqtisodiy ko’rsatkichlarning yomonlashuvi fonida yevro so’mga nisbatan bir oz qadrsizlandi, ammo avgust oyida so’mga nisbatan umumiy o’sish 3% yuqoriroq shakllandi. Qozog’iston tengesi keyinchalik sezilarli o’zgarishlar namoyon qildi. Ammo avgust oyini so’mga nisbatan 1,5% o’sish bilan yakunladi. Turk lirasi avgust oyi oxirida Turkiya Markaziy bankning nisbatan qattiq pul-kredit siyosatining davom etishi natijasida so’mga nisbatan yanada qimmatlashdi. Avgust oyi oxiriga kelib lira so’mga nisbatan 5 foizdan ortiq qadri oshganligi kuzatildi.
11-avgustda so’m Rossiya rubliga nisbatan ham 3,2 foizga qadrsizlandi. Ta’kidlash kerakki, 2023-yil boshidan buyon u rublga nisbatan doimiy ravishda qimmatlashib kelayotgan edi. Rublning so’mga nisbatan haqiqiy qimmatlashishi 16-avgustda Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 12 foizgacha oshirganidan keyin boshlandi. 18-avgustga kelib, rubl oy boshidagi o’z qiymatidan oshib ketdi. Biroq, bu o’sish qisqa vaqt davom etdi va rubl so’mga nisbatan yana qadrsizlana boshladi. Rubl Avgust oyini oy boshidagi qiymatiga nisbatan 2,5% ga pasayish bilan yakunladi.
Xalqaro savdo
Joriy yilning yanvar-iyul oylarida O’zbekiston Respublikasining tashqi savdo aylanmasi 35 mlrd dollarni tashkil etib, tashqi savdo aylanmasi o’tgan yilning mos davriga nisbatan 23,3 foizga o’sgan. Joriy yilning 7 oyida davomida eksport hajmi 15 mlrd dollar hamda import hajmi 20 mlrd dollarni tashkil etgan. Eksport hamda import hajmining o’sish suratlari mos ravishda 31 foiz hamda 18,1 foizni tashkil etgan bo’lib, yanvar-iyul oylarida tashqi savdo defitsiti 5 mlrd dollarni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, 2022-yilning mos davrida tashqi savdo defitsiti 5,5 mlrd dollarni tashkil etgan edi.
Oylik tashqi savdo ko’rsatkichlarida bir muncha o’zgarishlarga guvoh bo’lish mumkin. Xususan, iyun oyida umumiy import hajmida qisqarish kuzatilgan bo’lsa iyul oyiga kelib import hajmi yana yuqori suratlarda o’sgan. Xususan, iyun oyida import hajmida 29 foizlik qisqargan holda, iyul oyiga kelib import hajmida 25 foizlik o’sish kuzatilgan.
Iyul oyida eksport hajmida ham yuqori o’sish suratlari qayd etilgan bo’lib, bu holat iyul oyida amalga oshirilgan oltin eksporti bilan izohlanadi. Iyul oyida eksport hajmi o’tgan yilning mos davriga nisbatan
83 foizga o’sganligini kuzatish mumkin. Ta’kidlash kerakki, iyul oyida
1,3 mlrd dollar qiymatdagi oltin eksporti amalga oshirilgan. Oltinsiz eksport hajmi esa iyul oyida oldingi oy bilan taqqoslaganda o’zgarishsiz qolgan. Xususan, iyun oyida oltinsiz eksport 16 foizga o’sgan bo’lsa iyul oyiga kelib o’sish ko’rsatkichi 1 foizni tashkil etgan xolos.
5-diagramma: O’tgan yilning shu oyiga nisbatan eksport va import o’sishi
Manba: https://stat.uz/images/uploads/reliz-2023/tashqisavdo_21_08_2023_rus1112222.pdf
Iyul oyida asosiy savdo hamkorlarimizdan Xitoy (62 foiz) hamda Turkiyaga(19 foiz) eksportning o’sish tempi yuqori bo’lgan bo’lsa, Qozog’istonga oylik eksport ketma-ket ikkinchi oydirki, qisqarmoqda. Rossiyaga eksportning o’sish tempi esa iyun oyidagi ko’rsatkichdan 3 foiz bandga tezlashib o’tgan yilning mos davriga nisbatan 5 foizni tashkil etgan.
Ta’kidlab o’tish kerakki, oylik eksportning o’sish surati Turkiyaga so’ngi bir yilda birinchi marta qayd etildi. Oldingi oylardagi qisqarish evaziga yanvar-iyul oylarida Turkiyaga eksport 33,3 foizga qisqargan. Bu holat so’ngi ikki yildan buyon davom etayotgan bo’lib, Turkiyaga eksportning qisqarishi Turkiyada yuritilib kelingan yumshoq monetar siyosat natijasida Turkiya lirasining keskin qadrsizlanganligi, shuningdek, Turkiyaga asosiy eksport tovarimiz hisoblangan ip-kalava narxining jahon bozorida narxining pasayganligi bilan izohlanadi.
6-diagramma: Asosiy eksport bozorlari bo’yicha o’tgan yilning shu oyiga nisbatan eksport o’sishi
Manba: https://stat.uz/images/uploads/reliz-2023/tashqisavdo_21_08_2023_rus1112222.pdf
Asosiy hamkorlarimiz bilan import hajmining o’zgarishi iyul oyida oldingi oyga nisbatan biroz tezlashgan. Xususan, Xitoydan import o’tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 barobarga o’sganligi kuzatilgan, taqqoslash uchun iyun oyida Xitoydan importimiz 4 foizga qisqargan edi. Ta’kidlash kerakki, hozirgi kunda Xitoy iqtisodiyotida o’sish suratlari bir muncha sekinlashganligi kuzatilayotganligiga qaramasdan mamlakatimizga Xitoydan eksport yuqori suratlardan o’smoqda, bu holat avtomobillar hamda avtomobil ehtiyot qismlari eksportining mamlakatimizga yuqori suratlarda o’sayotganligi bilan izohlanadi.
Boshqa tomondan, Qozog’istondan import hajmi xuddi eksport kabi ikki oydan buyon pasayib bormoqda. Xususan, iyun oyida Qozog’istondan oylik importimiz 38 foizga qisqargan bo’lsa, iyul oyida oylik import 28 foizga qisqargan. Rossiyadan oylik import iyun oyida 48% ga qisqargan, lekin iyul oyida 8% ga o’sgan.
7-diagramma: O’tgan yilning shu oyiga nisbatan asosiy eksport bozorlari bo’yicha import o’sishi
Manba: https://stat.uz/images/uploads/reliz-2023/tashqisavdo_21_08_2023_rus1112222.pdf
Tanlangan davlatlarda inflyatsiya va tashqi savdo ko’rsatkichlari
1-jadval: 2023-yil iyul oyida tanlangan mamlakatlarda inflyatsiya va savdo ko’rsatkichlari
Mamlakatlar | Inflyatsiya | Import | Eksport | |||
oylik | Yillik | nominal (milliard dollar) | o’sish | nominal (milliard dollar) | o’sish | |
Belarus | 0.30% | 2.7% | 3.5 | 20.5% | 3.2 | 1.9% |
Xitoy | 0.20% | -0.3% | 201.2 | -12.4% | 281.8 | -14.5% |
Qozog’iston | 0.70% | 13.1% | 29.3* | 32.2%* | 37.9* | -10.3%* |
Qirg’iziston | 0.30% | 10.3% | 5.4* | 30.3%* | 1.3* | 34.6%* |
Rossiya | 0.63% | 4.3% | – | – | – | – |
Turkiya | 9.49% | 47.83% | 32.3 | 10.5% | 20.1 | 8.3% |
O’zbekiston | 0.5% | 9% | 2.9 | 25% | 2.8 | 83% |
*yanvar- iyun Manba: tanlangan mamlakatlarning statistik agentliklari
Tanlangan mamlakatlar bilan solishtirganda (1-jadval) 2023-yil iyul oyida O’zbekistonda oylik inflyatsiya darajasi o’rtacha ko’rsatkichni namoyon qildi. . Yillik inflyatsiya darajasi ham Qirg’iziston (10,3 foiz), Qozog’iston (13,1 foiz) va Turkiyadagi ko’rsatkichdan pastroq shakllandi (47,83%).
Tanlangan davlatlar orasida O’zbekiston 2023-yil iyul oyida eng yuqori eksport o’sishiga erishdi – xuddi iyun oyida bo’lgani kabi. Biroq, bu holat asosan oltin eksporti bilan izohlanadi. E’tiborli jihati, Xitoy (-14,5%) va Qozog’istonda (-10,3%) ketma-ket ikkinchi oydan buyon eksport hajmi 2022-yilning mos davriga nisbatan qisqarib bormoqda.
O’zbekistonda importining o’sish sur’ati ushbu mamlakatlar bilan taqqoslaganda o’rtacha ko’rsatkichni namoyon qilgan. E’tiborlisi, Xitoyda import ko’rsatkichi qisqarishda davom etmoqda (-12,4%).
Fiskal siyosat
14.08.2023. Iqtisodiyot va Moliya vazirligi 2022-yilgi davlat byudjeti to’g’risidagi hisobotni e’lon qildi. 2022-yilda davlat xarajatlari 236,7 trln so’mni tashkil etib, 2021-yilga nisbatan 26 foizga o’sgan. Davlat byudjeti xarajatlarining 49,7 foizini ijtimoiy, jumladan, ta’lim va sog’liqni saqlashga yo’naltirilgan xarajatlar hissasiga to’g’ri kelgan. Byudjet daromadlari 201,7 trln so’mni tashkil etib, prognozga nisbatan 1,5 trln so’m ortig’i bilan bajarilgan. Shuningdek, 2021-yilga nisbatan daromadlar 22,5 foizga o’sgan. Umumiy byudjet taqchilligi esa 35 trln so’mni tashkil etgan, bu yalpi ichki mahsulotga nisbatan qariyb 4 foizni tashkil etadi. Byudjet taqchilligining 47 foizi xalqaro moliya institutlaridan qarz olish va yevroobligatsiyalar chiqarish hisobidan moliyalashtirilgan. G’aznachilik obligatsiyalari kamomadni moliyalashtirishning ikkinchi yirik manbasi bo’lgan.
E’lon qilingan investitsiya loyihalari
09.08.2023. Cengiz Holding (Turkiya) O’zbekistonda 5 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu loyihalar qatoriga Jizzax viloyatidagi 500 MVt quvvatga ega elektr stansiyasi hamda Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida ikkita elektr stansiyasi kiradi. Bundan tashqari, Cengiz Holding yo’llar va tunellarni modernizatsiya qilish va qurish, shuningdek foydali qazilma konlarini qidirish va o’zlashtirish bilan shug’ullanadi.
Islohotlar
09.09.2023. 2023-yil 1-oktyabrdan yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi. I va II guruh iste’molchilari (Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq KMK, O’zbekiston metallurgiya kombinati va ularning tarkibiy korxonalari shuningdek, nasos stansiyalari) uchun 1 kVt/soat elektr energiyasi narxi 450 so’mdan 1000 so’mgacha oshiriladi. Boshqa yuridik shaxslar uchun esa narx 450 so’mdan 900 so’mgacha oshiriladi. I va II guruh iste’molchilar uchun 1 m3 tabiiy gaz narxi 660 so’mdan 1800 so’mgacha oshirilsa, Boshqa yuridik shaxslar uchun esa narx 660 so’mdan 1500 so’mgacha oshiriladi. Ushbu o’sish narxlarni bozor narxlariga moslashtirish va oxir-oqibat ularni erkinlashtirish bo’yicha katta strategiyaning bir qismini tashkil qiladi. Uy xo’jaliklari uchun narxlar o’z darajasida o’zgarishsiz qoladi (1 kVt/soat elektr energiyasi uchun 295 so’m va 1 m3 tabiiy gaz uchun mos ravishda 380 so’m). Gaz va elektr energiyasi tariflarini oxirgi marta 2019-yil avgustida oshirilgan edi.
19.08.2023. Kichik va o’rta biznesni qo’llab-quvvatlash bo’yicha bir qator chora-tadbirlar e’lon qilindi:
- 2023-yil 1-oktyabrdan QQS bo’yicha “Tax gap” tizimi bekor qilinadi;
- QQS bo’yicha ro’yxatdan o’tkazilganligi to’g’risidagi guvohnomaning amal qilishini to’xtatib turishni bekor qilish, amalga oshirilgan operatsiyalar sotilgan tovarlar yoki xizmatlar assortimentiga mos kelmagan hollar bundan mustasno;
- 2023-yil 1-oktyabrdan kichik biznes uchun maxsus biznes kredit liniyalari va markazlariga ega bo’lgan Tadbirkorlikni rivojlantirish bankini (“Qishloq qurilish bank”) tashkil etish;
- 2024-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlardan barcha hisobotlarni yagona elektron tizim orqali taqdim etish va ularning qog’oz shaklini bekor qilish, shuningdek, so’ralgan takroriy va eskirgan hisobotlar sonini kamaytirish;
- Har bir viloyatda kamida 3 tadan yangi sanoat zonalarini tashkil etish.
16.08.2023. O’zbekiston bojxona to’lovlarini JST shartlariga muvofiqlashtirish bo’yicha bir qancha chora-tadbirlar joriy etildi.
- 2025-yil 1-yanvardan boshlab dori vositalari va boshqa tibbiy buyumlar importi uchun bojxona stavkalari nolga tushiriladi.
- 2024-yil 1-yanvardan boshlab import qilinadigan tovarlarni milliy tilda markirovkalash tartibiga o’zgartirishlar kiritiladi. “Erkin muomala” rejimida bojxona rasmiylashtiruvidan o’tkazish uchun tovarlarni davlat tilida markalash shart bo’lmaydi. Biroq Vazirlar Mahkamasi ro’yxatiga kiritilgan ayrim tovarlar davlat tilida (lotin yozuvi asosidagi o’zbek alifbosi) markalanmasa, muvofiqlik sertifikati va sanitariya-epidemiologiya hisoboti ololmaydi.
- Tovarlar importini litsenziyalash jarayonini avtomatlashtirish va raqamlashtirish bo’yicha takliflar 2023-yil 1-oktyabrgacha ishlab chiqilishi belgilangan.
- Transport xarajatlarini subsidiyalash tizimini JST talablariga muvofiq tartibga solish bo’yicha takliflar 2024-yil 1-yanvarga qadar ishlab chiqilishi kerak.
24.08.2023. O’zbekiston eksportchilari uchun valyuta nazorati yumshatildi. Yagona eksport shartnomasi bo’yicha yetkazib berilgan mahsulot qiymati 5 foizidan oshmasa, eksport qiluvchilar tegishli qaytariladigan to’lovlarni olmaganliklari uchun jarima to’lamaydilar.
04.09.2023. Prezidentning 2023-yil 4-sentyabrdagi qaroriga muvofiq, umumiy daromadi 5 milliard so’mdan emas balki 10 milliard so’mdan ortiq bo’lgan korxonalargina korporativ foyda bo’yicha oylik avans to’lovlari to’lanadi. .
Shuningdek, soliq organlariga oid ishlar 2024-yil 1-yanvardan boshlab xo’jalik sudlarida emas, faqat ma’muriy sudlarda ko’rib chiqiladi.
06.09.2023. Qarzdorlik holatida qarzni to’lashning talab qilinadigan tartibi o’zgaradi. Hozirgi vaqtda qarz oluvchilar birinchi navbatda jarimalar, jarimalar va foizlarni qoplashlari kerak, shundan keyingina qarzning asosiy summasi to’lanadi. 2024-yil 1-yanvardan boshlab esa, asosiy qarzni to’lashga ustuvorlik beriladi.
Xalqaro tendensiyalar
18.08.2023. Xitoyning Evergrande ko’chmas mulk giganti AQSHda o’zini to’lovga qodir emasligini e’lon qildi. Xitoyning yana bir yirik ko’chmas mulk ishlab chiqaruvchisi, “Country Garden”, AQSH dollari obligatsiyalari bo’yicha ikkita kupon to’lovini o’tkazib yuborganidan so’ng, fond bozorida narxi tushib ketdi. Xitoyda keng qo’llaniladigan maqsadli fondlarning yetakchi provayderlaridan biri bo’lgan Zhongrong International Trust “qisqa muddatli likvidlik qiyinchiliklarini tan oldi va iyul oyi oxiridan boshlab o’nlab mahsulotlari bo’yicha to’lovlarni to’xtatib qo’ydi. Shunday qilib, Xitoydagi ko’chmas mulk inqirozi boshqa mamlakatlarga va xalqaro moliya sektoriga tarqalishi mumkin.
05.09.2023. Jahon bozorida neft narxi Rossiya va Saudiya Arabistoni qazib olishni qisqartirish bo’yicha qarorlaridan ortidan 2022-yil noyabridan beri birinchi marta barreli uchun 90 dollardan oshdi.