O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi davlatlarining energetika sohasidagi siyosatchilar, olimlar va jamoat arboblari, shuningdek, XMT vakillari Toshkentda “O‘zbekistonda energiya samaradorligi: istiqbollar va muammolar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga yig‘ildi.
Tashkilotchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi va Yevropa Ittifoqining SECCA loyihasidir. Tadbir Yevropa Ittifoqi-O‘zbekiston: Barqaror energiya kunlari 2023 kampaniyasi doirasida o‘tkazildi.
Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad amaliy harakatlarni muhokama qilish va ishlab chiqish, energiya samaradorligi siyosatini amalga oshirish bo‘yicha tajriba almashish imkoniyatidan iborat.
Konferensiya ishtirokchilariga murojaat qilgan Yevropa Ittifoqining O’zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian xonim shunday dedi: “Parij Kelishuvi maqsadlariga erishish uchun energiya samaradorligi masalalariga ustuvorlik berish lozim. Energiyadan yanada samarali foydalanish va kamroq iste’mol qilish orqali biz, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o’zgarishining salbiy ta’sirini yumshatish, hamda, energiya xavfsizligini oshirishga muayyan yordam bergan bo’lamiz. O’zbekiston energiya samaradorligini ta’minlash, toza va qayta tiklanuvchi energiya hissasini oshirish maqsadida, energetika sohasida keng ko’lamli islohotlarni amalga oshirmoqda. Yevropa Ittifoqi O’zbekistonning barqaror energiyaga o’tishdagi majburiyatlari va yutuqlaridan mamnundir, hamda, O’zbekiston hukumati va O’zbekiston xalqini shu paytgacha energetika sohasini isloh qilish borasidagi erishgan yutuqlari uchun olqishlaydi. Biz O’zbekistonni yashil energetikaga o’tish yo’lini ochish borasidagi harakatlarni davom ettirishga chorlaymiz.”
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi bosh direktori Shuhrat Vafayev bir qator muhim hujjatlar qabul qilinganini ta’kidladi. “2019-yilda O‘zbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi va “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunlari, 2020-yilda yangi tahrirdagi “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilindi. Biz Parij kelishuvini ham ratifikatsiya qildik va bu boradagi ishlarni tartibga soluvchi bir qator Hukumat qarorlarini qabul qildik. Maqsadimiz 2026-yilga borib butun mamlakat boʻylab energiya samaradorligini 20 foizga, 2030-yilga borib esa 1,5 barobarga oshirishdir. Shuningdek, biz 2026 yilga kelib issiqxona gazlari emissiyasini 25 foizga qisqartirishni va 2030 yilga kelib 14 GVt quvvatga ega yangi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo‘shishni ta’minlashni maqsad qilganmiz. Yevropa Ittifoqining energiya samaradorligi bo‘yicha tajribasi O‘zbekistonda ham qo‘llashimiz mumkin bo‘lgan yorqin misoldir”.
Konferensiya davomida ishtirokchilar yakuniy foydalanuvchilarning energiya samaradorligini ta’minlash uchun umumiy siyosat va huquqiy baza, energiya iste’moli bo’yicha ma’lumotlar to’plash, sanoatda energiya auditi, turar joy va jamoat punktlarida energiya samaradorligi va boshqa mavzularni muhokama qildilar, hamda, O’zbekistonda barqaror energetika siyosati va loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo’yicha birgalikda faoliyat olib borishga kelishib oldilar.