Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-sentyabrdagi “Strategik islohotlarni jadallashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-216 sonli farmoni bilan Strategik islohotlar agentligining (bundan keyin – Agentlik) asosiy vazifalari belgilangan boʻlib, shu jumladan:
mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda alohida soha va tarmoqlarni isloh qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishini tashkil etish va nazorat qilish;
davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish, jumladan hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tuzish, boshqaruv organlari tarkibiga mustaqil aʼzolarni kiritish va sohaga oid boʻlmagan aktivlardan samarali foydalanish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligini monitoring qilish yuklatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1 martdagi PQ-83 sonli qarori bilan Agentlikka qarorga ilova qilingan roʻyxat asosida 22 ta davlat ishtirokidagi korxonalar va 9 ta davlat tijorat banklarini aksiya paketi boʻyicha aksiyador funksiyasini amalga oshirish yuklatilgan.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish borasida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
- Agentlik aksiyador boʻlgan korxona va banklarni Rivojlanish strategiyalari va Biznes-rejalari tahlil qilingan holda qayta koʻrib chiqildi.
21 ta korxona va 8 ta bankning xalqaro moliya institutlar va konsalting kompaniyalar bilan hamkorlikda tayyorlangan oʻrta va uzoq muddatli strategiyalari Agentlik tomonidan qayta koʻrib chiqildi va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlandi.
Jumladan: Issiqlik elektr stansiyalari va Hududiy elektr tarmoqlari (KPMG bilan), Milliy elektr tarmoqlari, Oʻzbektelekom (Deloitte), Oʻzbekneftgaz, Oʻztransgaz, Oʻzavtosanoatda (BCG), Hududgaztaʼminot, Kimyo sanoati korxonalari (Xalqaro moliya korporatsiyasi), Navoiy KMK (Makkinsi), Oʻzbekiston pochtasi (I-ekspress), Uzbekistan airways (Jahon banki), Uzbekistan airports (ARC), Oʻzbekiston temir yoʻllari (BCG).
Joriy yil III-chorak yakuniga qadar Agentlik aksioner boʻlgan va shu kungacha oʻrta va uzoq muddatli strategiyalarini ishlab chiqmagan korxona va banklar tomonidan mazkur hujjatlar yaratilishi va ularning boshqaruv organlari tomonidan tasdiqlanishi taʼminlash boʻyicha choralar koʻriladi.
- 5 ta korxona va 8 ta bank (Oʻzavtosanoat, Oʻzbektelekom, Uzbekistan airways, Uzbekistan airports, Navoiy KMK, “Uzsanoatqurilish bank“ ATB, ”Turonbank“ ATB, ”Asakabank” AJ, “Mikrokreditbank” ATB, ATB “Agrobank”, AT “Xalq banki”, “Qishloq qurilish bank” ATB va “Oʻzmilliybank” AJ) kuzatuv kengashlari tarkibiga mustaqil aʼzolar tayinlangan. Joriy yil yakuniga qadar Agentlik aksiyador boʻlgan barcha korxona va banklarning Kuzatuv kengashlari tarkiblari qayta koʻrib chiqilishi taʼminlanadi.
Kuzatuv kengashlarida Strategiya va investitsiyalar, Audit, Tayinlovlar va haq toʻlash, Korrupsiyaga qarshi kurashish va etika qoʻmitalari tashkil etildi.
Agentlikda korxonalar va tijorat banklar Kuzatuv Kengashlari aʼzolarini tanlab olish qoʻmitasi tashkil etildi va ushbu korxonalar Kuzatuv Kengashlari tarkibiga xorijiy tajribaga ega mustaqil aʼzolarni jalb qilish uchun Jahon bankining IBL loyihasi doirasida xalqaro tanlov asosida jalb etilgan “Strikitsa Consulting” Ltd kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda, hozirgi kunda korxonalar va banklar Kuzatuv kengashlariga kiritish uchun TOP-150 ta kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Kuzatuv kengashlar tarkibini qayta shakllantirish jarayonida mustaqil aʼzolar tarkibi ham qayta koʻrib chiqilishi moʻljallangan.
- Agentlik ishtirokidagi korxonalar va banklar boshqaruv-tashkiliy strukturasi va ichki boshqaruv hujjatlari qayta koʻrib chiqildi.
8 ta korxona va 9 ta bankning (“Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzavtosanoat” AJ, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Uzbekistan airports” AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Navoiy KMK” AJ) markaziy apparatiga chet ellik soha mutaxassislari ishga jalb qilingan.
Korxonalarda ijro organi rahbarining transformatsiya masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimi joriy qilindi va unga boʻysunadigan loyiha ofisi tashkil etilgan.
- Agentlik aksiyador boʻlgan 12ta korxonaning va 5 ta bankning moliyaviy sogʻlomlashtirish va operatsion samaradorlikni oshirish ishlariga 4 ta xalqaro moliya institutlari va 15ta konsalting kompaniyalari jalb qilingan.
Navoiy KMK (Makkinsi), Oʻzbekneftgaz (Ernst & Young), Oʻzkimyosanoat (Xalqaro moliya korporatsiyasi), Oʻztransgaz va Navoiyazot (KPMG), Oʻzavtosanoat (BCG), Uzbekistan airways (Jahon banki), Oʻzbekiston pochtasi (Osiyo taraqqiyot banki), Oʻzbektelekom (Deloitte), Hududgaztaʼminot (EychElBi Tashkent), Uzbekistan airports (ARC), Oʻzbekiston temir yoʻllari (BCG), “Qishloq qurilish bank” ATB (PWC), AT “Xalq banki” (ADB), “Asakabank” AJ (KPMG), “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB (Deloitte), “Toʻron bank” ATB (MFI)
- Korxonalar va banklar faoliyatida OYESR tomonidan ishlab chiqilgan ESG, ERP, Risk analysis korporativ boshqaruv standartlari bilan bir qatorda IFRS moliyaviy hisobotlar yuritish standartlari izchillik bilan joriy qilinmoqda, jumladan:
2020-yil yakunlari boʻyicha 20 ta va 2021 yil uchun 19 ta korxonalarning hamda Agentlik ishtirokidagi barcha banklarning xalqaro moliyaviy hisobotlar standartlari (IFRS) asosida tayyorlangan hisobotlari auditdan oʻtkazildi, joriy yil oxirigacha barcha korxonalarda 2021-2022-yillar uchun buxgalteriyaning xalqaro standartlar (IFRS) asosida tayyorlangan hisobotlari auditdan oʻtkazilishi taʼminlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-son Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 79 bandiga muvofiq, 2023-2026 yillarda ustav kapitalida davlat ulushi mavjud transformatsiya qilinadigan aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatiga ESG (Environment, Social, Governance)ni joriy etish, shu jumladan 2023-yilda “Oʻzmetkombinat” AJda, 2024 yilda “Olmaliq KMK” AJ da, 2025-yilda “Navoiy KMK” AJda va 2025-2026 yillarda boshqa davlat korxonalarida joriy etish ishlari olib borilmoqda, jumladan:
“Oʻzmetkombinat” AJda 2022-yildan boshlab, quyidagi tadbirlar amalga oshirilmoqda:
- ESG boʻyicha 2023-2030 yillarga moʻljallangan uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqildi;
- YETTB bilan hamkorlikda resurslar samaradorligi auditini oʻtkazish;
- “Gazprombank “AJ (Rossiya) bilan ESG konsultatsiyalash;
- 2021-2022 yy. issiqxona gazlarining chiqarilishini hisoblash va auditini oʻtkazish;
- ESG boʻyicha birinchi xalqaro reyting olishga oid tadbirlar;
- Korporativ saytda ESG oid maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
- yo. ESGni joriy etish boʻyicha yillik hisobotni ishlab chiqish;
- Nomoliyaviy koʻrsatkichlar boʻyicha qoʻllanma yaratilmoqda (ESG Data Book).
“Olmaliq KMK” AJda 2021-yil yakunlari boʻyicha ham barqaror rivojlantirish hisoboti tayyorlanib, xalqaro PricewaterhouseCoopers kompaniyasi tomonidan verifikatsiyadan oʻtkazilib, ijobiy auditorlik xulosasi olingan. ESG hisoboti auditorlik xulosasi bilan birgalikda ikki tilda chop etilgan.
“Olmaliq KMK” AJda 2022-yil yakunlari boʻyicha ESG hisobotini tayyorlash ishlari boshlangan, hisobot katta toʻrtlikka kiruvchi kompaniyalar tomonidan verifikatsiyadan oʻtkazilishi va auditorlik xulosasi olinishi belgilab olingan.
Bundan tashqari, ESG boʻyicha asosiy koʻrsatkichlardan iborat “ESG Databook” hisobotini tayyorlash va kombinat rasmiy veb-saytida eʼlon qilish tizimini joriy etish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.
“Navoiy KMK” AJda ESG boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Shuningdek, davlat ishtirokidagi boshqa yirik korxonalarda Davlat dasturida belgilangan topshiriqlar ijrosi taʼminlanish maqsadida 2025-2026 yillarda ESGni joriy etish boʻyicha bosqichma-bosqich harakatlar rejasi ishlab chiqiladi.
- Agentlikka jalb etilgan xalqaro ekspertlar va konsalting kompaniyalari bilan birgalikda Agentlik ishtirokidagi korxonalar va banklarni transformatsiyasini amalga oshirish borasidagi “Yoʻl-xarita“ ishlab chiqildi va 2023-yil 18-aprelda ijrosini taʼminlash uchun korxona va banklarga yuborildi.
- 2ta yirik bank va 2 korxonani xususiylashtirishni amalga oshirish maqsadida xalqaro moliyaviy konsultantlar jalb qilindi. Jumladan:
“Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning faoliyatini institutsional oʻzgartirish va zamonaviy biznes modelini joriy etish boʻyicha Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda – YETTB) ishtirokida kompleks transformatsiya jarayonlari amalga oshirilgan.
XMK va YETTBdan jami 125 million AQSH dollarlik har bir kreditorning xohishiga koʻra toʻliq yoki uning bir qismini “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning qoʻshimcha holda chiqarilgan oddiy aksiyalariga konvertatsiya qilish imkoniyati bilan kredit liniyalari jalb qilingan.
“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB kapitaliga xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb qilish, ularning koʻmagida bankdagi davlat ulushini xususiylashtirishni jadallashtirish hamda ushbu yuzasidan xalqaro moliya institutlari tomonidan taqdim qilingan tavsiyalarni tatbiq qilish maqsadida Agentlik tomonidan “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBni xalqaro moliya institutlari ishtirokida xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqilgan va 2023-yil 31-iyul kuni Davlat rahbari tomonidan PQ-253 son bilan imzolangan.
Ushbu hujjatga asosan, 2024-yil yakuniga qadar “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBni xususiylashtirish va bank ustav fondi (kapitali)dagi davlat ulushini 50 foizdan kamaytirishni taʼminlash belgilangan.
Mazkur qaror qabul qilinganligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligiga “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB kapitaliga xalqaro moliya institutlarining mablagʻlarini jalb qilish hamda ularning koʻmagida bankdagi davlat ulushini xususiylashtirishni jadallashtirish imkonini bermoqda.
“Asakabank” AJni operatsion samaradorligini oshirish, bankni transformatsiya qilish va xususiylashtirishga tayyorlash maqsadida YETTB taklifiga asosan “Asakabank” AJ ustav kapitalidagi davlatga tegishli 15 foiz ulushini YETTB ga sotish choralarini koʻrish hamda “Asakabank” AJ ustav kapitalidagi davlatga tegishli 15 foiz ulushini baholash hamda ushbu maqsadda malakali xorijiy ekspertlarni jalb qilish kabi choralarni nazarda tutgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqilgan va tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilish jarayoni ketmoqda.
Loyihaga muvofiq:
YETTB va Agentlik birgalikda “Asakabank” AJni transformatsiya qilish boʻyicha ikki-yillik rejasini hamda bank kapitalini oshirib borish boʻyicha strategiyasini ishlab chiqish. Bunda, transformatsiya rejasini amalga oshirish uchun yuqori malakali chet el mutaxassislarini jalb qilish va ularning xizmatlari uchun toʻlovlar YETTB va “Asakabank” AJ oʻrtasida taqsimlash;
kelgusi 7 yil davomida birlamchi ommaviy taklif (IPO) yoki strategik investor jalb qilish orqali “Asakabank” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushini 25 foizgacha qisqartirishga erishish topshirigʻi belgilangan.
– Issiqlik elektr stansiyalari KPMG va Uzbekistan airways Deloitte kompaniyalari bilan korxonalarda xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqish uchun konsultant sifatida ishtirok etish uchun shartnoma imzolangan.
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2023 yil 23-yanvardagi AF-4-son farmoyishiga asosan davlat korxonalari aksiyalarini fond bozorlarida ommaviy joylashtirish hamda davlat korxonalarini boshqarish uchun “Frenklin Templton” kompaniyasini jalb qilish hamda u bilan hamkorlik bitimi tuzishga doir ishlar amalga oshirilmoqda, jumladan:
joriy yil 27-30 mart kunlari “Frenklin Templton” kompaniyasi bosh direktori Manraj Sekhon boshchiligidagi delegatsiya tashrifi davomida masʼul vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek davlat ishtirokidagi strategik korxonalar masʼullari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi hamda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarishga “Frenklin Templton” kompaniyasini jalb qilgan holda Davlat investitsiya jamgʻarmasini (bundan keyin – Jamgʻarma) tashkil etish masalasi boʻyicha aniq shartlar va majburiyatlarni kelishish va boshqa takliflarni amalga oshirishga doir muzokaralar oʻtkazilgan;
Oʻtkazilgan muzokaralar va erishilgan dastlabki kelishuvlar doirasida Agentlikning 2023-yil 10 apreldagi 16-T-son buyrugʻi qabul qilingan boʻlib, belgilangan vazifalarni oʻz muddatida sifatli amalga oshirishga masʼul vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat Ishchi guruh tuzildi;
Ishchi guruhning 2023-yil 25-aprel kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishida “Frenklin Templton” kompaniyasi tomonidan Jamgʻarma balansiga beriladigan davlat korxonalari birlamchi roʻyxatini Agentlikka taqdim etilishini taʼminlashga kelishib olindi hamda joriy yil 10 may kuni “Frenklin Templton” kompaniyasi tomonidan shakllantirilgan birlamchi roʻyxat yuborilgan.
Hozirgi kunda, ishchi guruh rahbari topshirigʻiga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Agentlik taklifiga muvofiq, Jamgʻarma balansiga beriladigan aktivlar roʻyxatini shakllantirish borasida tegishli ishlar olib borilmoqda.
Joriy yil IV-chorakda Davlat investitsiya jamgʻarmasi tashkil etilishi hamda “Frenklin Templton” kompaniyasi bilan davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish boʻyicha tegishli bitim imzolanishi kutilmoqda.