Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonni hamda 2022-yil – “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini imzoladi.
Mazkur Farmon loyihasi 2021-yilning 30-dekabridan 2022-yilning
15-yanvar kuniga qadar 2022-2026.strategy.uz, regulation.gov.uz va jamoatchilik.uz portallari orqali keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazildi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, muhokamalar davrida Farmon loyihasining mazmun-mohiyatini keng aholi qatlamiga yetkazish maqsadida televideniye, radio, elektron ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda materiallar muntazam ravishda chop etilib borildi.
Xususan, mahalliy ommaviy axborot vositalari, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda 3 600 ga yaqin materiallar eʼlon qilindi, teleradiokanallarda qariyb 1 700 ta koʻrsatuv va eshittirishlar efirga uzatildi, ijtimoiy tarmoqning “Facebook” va “Telegram” kabi kanallariga mavzuga oid 1 600 ga yaqin materiallar joylashtirildi.
Natijada, loyiha boʻyicha jami 17 535 ta taklif kelib tushdi. Xususan, birinchi, Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish yoʻnalishi boʻyicha – 7 137 ta, ikkinchi, Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish yoʻnalishida – 564 ta, uchinchi, Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash yoʻnalishida –1 116 ta, toʻrtinchi, Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yoʻnalishida – 7 395 ta, beshinchi, Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish yoʻnalishida – 225 ta, oltinchi, Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish yoʻnalishida – 892 ta va yettinchi, Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish yoʻnalishida – 206 ta, shu jumlasidandir.
Taʼkidlash joizki, takliflarning 8 000 tasi loyihadagi normalarni qoʻllab-quvvatlashga, 6 000 dan ortigʻi umumiy xarakterdagi, 1 000 ga yaqini qonunchilikda hamda loyihada mavjud masalalar va 1 000 dan ortigʻi aniq masalalarga qaratilgan.
Har tomonlama koʻrib chiqilgan takliflar yakuniga koʻra, loyihaga qariyb 100 ta konseptual hamda 200 dan ortiq aniq xarakterga ega oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Xususan, aholi tomonidan bildirilgan takliflarning inobatga olinishi natijasida taraqqiyot strategiyasi loyihasida nazarda tutilgan maqsadlar soni 94 tadan 100 taga koʻpaydi.
Shuningdek, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini 2022-yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturida rejalashtirilayotgan tadbirlarni moliyalashtirishga umumiy qiymati 55 trln. soʻm va 11,7 mlrd. AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar ajratilishi koʻzda tutilgan.
2022-yilgi Davlat dasturi jami 398 ta banddan iborat boʻlib, birinchi yoʻnalishda – 45 ta, ikkinchi yoʻnalishda – 24 ta, uchinchi yoʻnalishda – 128 ta, toʻrtinchi yoʻnalishda – 59 ta, beshinchi yoʻnalishda – 29 ta, oltinchi yoʻnalishda – 38 ta, yettinchi yoʻnalishda – 75 ta bandni oʻz ichiga qamrab olgan.