Dunyo o‘zgardi. Global rivojlanishda COVID-19 pandemiyasi o‘z asoratlarini qoldirdi. Buning yaqqol misoli sifatida, 2020 yilda jahon iqtisodiyoti 4,3 foizga kamayganini keltirishimiz mumkin, bu 2009 yildagi jahon moliyaviy inqirozidan 2,5 baravar ko‘p degani. O‘zbekistonning to‘g‘ri savdo siyosati, tarifli va tarifsiz to‘siqlarni optimizatsiyasi (tarif ko‘rsatkichlarini pasaytirish, bojxona va nazorat to‘siqlarini yengillashtirish) orqali dastlabki ko‘rsatgichlarga ko‘ra, “Erkin savdo” nazorat ko‘rsatkichida 20,2 ballga yaxshilashga imkon berdi. Eʼtiborlisi, pandemiya xali davom etmoqda. Demak, davlatimiz 2021 yildagi 55,4 ballga qaraganda, 2022 yilda 75,6 ballni qo‘lga kiritdi.
Ushbu reytingda mamlakatimiz AQSH, Yaponiya, Xitoy va Rossiya singari davlatlarni ortda qoldirdi. Hozirgi kunda O‘zbekiston 2021 yildagi 163-o‘rindan ancha yuqorilab, 67-o‘ringa ko‘tarilib oldi va bu ko‘rsatgich bilan Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchilik qilmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, “Erkin savdo” ko‘rsatgichining o‘rtacha bali 70,9 dan 69,5 ga tushgan va 21% davlatlargina tashqi savdoda tariflangan va tarifsiz to‘siqlarni yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi.
Maʼlumot o‘rnida: iqtisodiy erkinlik Indeksi (Index of Economic Freedom) – reyting hisoblanib, mamlakatlardagi iqtisodiy erkinlikni baholaydi. Mazkur reyting “Meros fondi” (The Heritage Foundation) AQSH tadqiqotlar markazi va The Wall Street Journal biznes nashri bilan hamkorlikda chop etiladi.
Fond mutaxassislari “hukumat aralashuvining yo‘qligi yoki ishlab chiqarishga to‘sqinlik qilish, tovar va xizmatlarning taqsimlanishi hamda isteʼmoli, fuqarolarning erkinligini zaruriy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash bundan mustasno” talablari orqali o‘z reytinglarini aniqlaydilar. Nashr 1995 yildan beri chop etiladi.
Strategik rivojlanish agentligi Matbuot xizmati