Joriy yilning 20-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmonda, jumladan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Strategik islohotlar agentligi tomonidan respublika tuman va shaharlarida olib borilgan ishlar davomida tayyorlangan takliflar o‘z aksini topgan.
Farmonga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlariga bir qator moliyaviy imkoniyat va vakolatlar berilmoqda. Jumladan:
– 2025-yil 1-yanvardan aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlarni to‘liq hajmda hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlarining kamida 50 foiz qismini tuman (shahar)lar byudjetlariga o‘tkazish;
– mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli bo‘lgan aksiyalar (ulushlar)ni sotishdan tushgan mablag‘larning 90 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjetiga, viloyatlarning viloyat byudjetiga va Toshkent shahrining shahar byudjetiga hamda obyekt joylashgan tuman (shahar) byudjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi.
Shu bilan birga, hokimliklarga quyidagi vakolatlar berilmoqda:
– 2025-yil 1-martdan hududi 10 ming metr kvadratdan, baholangan qiymati 5 ming BHMdan oshmagan hamda 6 oy davomida sotilmagan mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli ko‘chmas mulk obyektlarini 2-yil ichida yangi loyihani ishga tushirish va ish o‘rinlari yaratish sharti bilan:
– tadbirkorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri 10-yil muddatga ijaraga berish hamda davlat mulki uchun 4-yil davomida uzluksiz ijara to‘lovlarini amalga oshirgan va ijara shartnomasi shartlarini bajargan tadbirkorga xususiylashtirish yoki baholangan qiymatda to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish;
– xalqaro tan olingan xorijiy til va malaka sertifikatlarini olishga o‘qitadigan mahalliy hamda xorijiy mutaxassislar yoki tashkilotlarga dastlabki birinchi yili ijara to‘lovi undirmasdan 5-yil muddatga keyinchalik uning muddatini uzaytirish sharti bilan ijaraga berish.
Bundan tashqari, tuman (shahar)lar hokimliklariga quyidagi yo‘nalishlarda ma’muriy vakolatlar beriladi:
– davlat boshqaruvi organlari va tadbirkorlar o‘rtasida “doimiy aloqa” tizimini yaratish maqsadida tuman (shahar)larda Tadbirkorlar jamoatchilik kengashini tuzish;
– 2025-yil 1-yanvardan belgilangan vazirlik va idoralarning tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlarini mas’ul vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, shuningdek, tegishli mas’ullarga rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish;
– 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha belgilangan ro‘yxat bo‘yicha tuman (shahar)larda huquqiy eksperiment tariqasida tuman (shahar) hokimligi faoliyatini “Aholi va tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qilish” yangicha yondashuvi asosida tashkil etish.