O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining Qonun ustuvorligini ta’minlash va xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yo‘nalishi doirasida Strategik islohotlar agentligi tomonidan “Strategik rejalashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Loyiha strategik rejalashtirishning mexanizmlarini joriy etish hamda davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini baholashning kompleks tizimini yaratishni nazarda tutadi.
Ushbu loyihada strategik rejalashtirish va uning asosiy elementlari bo‘yicha tushunchalar keltirilgan. Xususan, strategik rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish va amalga oshirish tizimi, ularni monitoring qilish hamda baholash jarayonlari to‘liq tartibga solinadi.
Strategik rejalashtirish tizimi quyidagi asosiy yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi:
strategik rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish va muvofiqlashtirish;
davlat siyosati tizimini boshqarish jarayonlarini yo‘lga qo‘yish;
hujjatlarning mazmunini boshqa strategik hujjatlar va reglamentlar bilan muvofiqlashtirish.
Rejalashtirish tizimining asosiy prinsiplari sifatida muvofiqlik, moliyaviy barqarorlik, natijaga yo‘naltirilganlik, ilmiy asoslanganlik, shaffoflik va sheriklik kabi jihatlar belgilangan.
Hujjatlar turlari ularning amal qilish muddatiga ko‘ra uzoq muddatli (7-yildan ortiq), o‘rta muddatli (4–7-yil) va qisqa muddatli (1–4-yil) bo‘lishi mumkin.
Ushbu qonun strategik rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqishda yagona va kompleks yondashuvni ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, vazirlik va idoralarning ushbu yo‘nalishdagi ishlarini muvofiqlashtirish va unifikatsiya qilishda muhim o‘rin tutadi.
Qonun loyihasi davlat boshqaruvi organlarining strategik maqsadlarini aniqlash va amalga oshirishda ishonchli huquqiy asos yaratishga qaratilgan.