2024-yil 21–22-noyabr kunlari Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov boshchiligidagi delegatsiyaning Qozog‘istonga uyushtirilgan tashrifi natijalaridan biri sifatida 2025-yilga mo‘ljallangan Qo‘shma tadbirlar rejasi imzolandi. Ushbu Reja ikki mamlakat o‘rtasida raqamli transformatsiya, ijtimoiy rivojlanish va hududiy salohiyatni yaxshilash kabi strategik yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Rejada uzoq muddatli tashabbuslarning samaradorligini oshirish maqsadida strategik rejalashtirish yondashuvlari va metodologiyasini o‘rganish choralari belgilangan. Xususan, milliy statistika tizimini raqamli transformatsiya qilish, ma’lumotlarni boshqarish va ularning sifatini oshirish bo‘yicha tajriba almashishga alohida e’tibor qaratilgan.
Rejaning muhim yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston hududlari va shaharlarining salohiyatini rivojlantirish orqali kambag‘allikka qarshi kurash sohasida tajriba almashish hisoblanadi. Ikki mamlakat hududlarining ixtisoslashuvi va raqobatbardosh ustunliklarini aniqlash bo‘yicha yondashuvlarni muhokama qilish uchun davra suhbati tashkil etish rejalashtirilgan.
Ta’lim sohasidagi hamkorlik doirasida tomonlar O‘zbekistonlik talabalarning Nazarboyev Universitetida o‘qishlari uchun 10 ta ta’lim granti ajratish, shuningdek, Qozog‘istonlik talabalarning O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida texnik va muhandislik yo‘nalishlarida tahsil olishlari uchun shunday miqdorda grantlar ajratish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar. Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga, xususan, texnik va muhandislik yo‘nalishlariga katta qiziqish bildirgan holda, ularning o‘quv dasturlari va ilmiy tadqiqotlar salohiyatini yuqori baholadi. Muzokaralar davomida talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini kuchaytirish, shuningdek, qo‘shma ta’lim va tadqiqot tashabbuslarini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Rejada ijtimoiy mavzulardan biri, masalan, ta’lim, ijtimoiy ta’minot yoki suv resurslari bo‘yicha mintaqaviy foresight-seminar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, ikki mamlakat turizm salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlar muhokama qilindi, bu esa madaniy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida Qozog‘iston delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu tashrif davomida ishtirokchilar amaliy yechimlar almashib, yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Imzolangan Hamkorlik tadbirlari rejasi yangi tashabbuslarni amalga oshirish va ikki mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.