Bugun Strategik islohotlar agentligida Agentlik direktori Baxodir Raxmatov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv hamda xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muhokamaning asosiy mavzusi 2024-yilda maslahatchi ofisi tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijalari va 2025-yilga mo‘ljallangan istiqbolli yo‘nalishlar bo‘ldi.
Xususan, S.Chakrabarti ofisi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi. Ushbu yo‘nalishda milliy standartlar, reglamentlar va boshqa normativ hujjatlarni JST talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
Shuningdek, davlat organlari va xalqaro moliyaviy institutlar/donorlar o‘rtasidagi samarali o‘zaro hamkorlik vositasi sifatida “Country Platform” tashabbusining rolini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, xalqaro texnik yordam loyihalarini muvofiqlashtirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha platformadan faolroq foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Bu borada barcha tomonlarning rolini kuchaytirish, 13 ta qo‘shma ishchi guruhlar samaradorligini oshirish va qabul qilingan qarorlar ijrosini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ilgari surildi.
Bundan tashqari, xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish maqsadida xalqaro investitsiya kampaniyasini amalga oshirish masalasi ham muhokama qilindi. Ushbu kampaniya doirasida nufuzli investorlar uchun xalqaro “road-show”lar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.