Bugun Toshkent shahrida vazirlik va idoralar hamda xalqaro rivojlanish bo‘yicha hamkorlarning 90 dan ortiq vakillari ishtirokida O‘zbekiston Mamlakat Platformasining 4-davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ta’lim, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda kasb-hunar ta’limi sohalaridagi muhim islohotlar bo‘yicha erishilgan yutuqlar muhokama qilindi. Ushbu islohotlar mehnat bozori ehtiyojlariga mos ishchi kuchini tayyorlash va “O‘zbekiston–2030” strategiyasini ilgari surishda muhim ahamiyatga ega. Joriy yilning yakuniy davra suhbati sifatida ushbu tadbir 2024-yildagi tarmoqlararo yutuqlar va muammolarni sarhisob qilib, kelgusi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Tadbirda 2025-yil uchun belgilangan strategik ustuvorliklar muhokama qilinib, mamlakatning barqaror rivojlanishiga qaratilgan qo‘shma vazifalari qayta tasdiqlandi.
“Mamlakat Platformasi bir nechta muhim vazifalarni bajaradi: u xalqaro moliyaviy institutlarning O‘zbekistondagi faoliyatini muvofiqlashtiradi, takroriy harakatlarning oldini oladi va kelgusidagi faoliyatlarni muhokama qilish uchun platforma vazifasini o‘taydi. Bugungi kunga kelib, ushbu platforma xorijiy ko‘mak va O‘zbekiston hukumati harakatlarini uyg‘unlashtirishdagi eng muhim mexanizmga aylandi”, — deya ta’kidladi Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi soha bo‘yicha amalga oshirilgan investitsiyalar va loyihalar bo‘yicha yutuqlarni ta’kidlab, kuchaytirilgan xalqaro hamkorliklar innovatsiyalarni rivojlantirish va salohiyatni oshirishni rag‘batlantirdi hamda hukumatning inklyuziv va teng imkoniyatli ta’limni rivojlantirish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi kasb-hunar ta’limini rivojlantirish va xalqaro rivojlanish hamkorlari bilan olib borilgan hamkorlik tashabbuslarda erishilgan yutuqlarni taqdim etdi. O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi o‘z navbatida Jahon banki bilan hamkorlik natijalarini va sohadagi investitsiya yo‘nalishlarini, shuningdek, qishloq tadbirkorligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilganligini taqdim etdi. Soha ahamiyatini ta’kidlash maqsadida, Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda STEM (ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika) yo‘nalishidagi o‘rta ta’limni rivojlantirish bo‘yicha loyihalaridan birini taqdim etdi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi, janob Toyvo Klaar, Yevropa Ittifoqining ta’lim sohasiga qo‘shayotgan hissasini, jumladan, O‘zbekistonning turli hududlaridagi kasb-hunar kollejlari infratuzilmasini yangilash hamda “Erasmus+” dasturi orqali Yevropa mamlakatlarida o‘qish va ilmiy tadqiqot uchun taqdim etilayotgan grantlar ajratilayotganligini ta’kidladi. “Ta’lim sohasiga ko‘rsatilayotgan yordam – bu “O‘zbekiston–2030” strategiyasi va mamlakatning umumiy farovonligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyadir. Bilim har bir sohada innovatsiyalar va o‘sishning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir,” – dedi Yevropa Ittifoqi elchisi.
O‘zbekiston Mamlakat Platformasi Strategik islohotlar agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshchiligida, Yevropa Ittifoqining kotibiyati ko‘magida tashkil etilgan bo‘lib, u “O‘zbekiston – 2030” strategiyasni amalga oshirishda O‘zbekiston hukumati va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun muhim mexanizm hisoblanadi.