Bugun Strategik islohotlar agentligida Hindistonning SchoolNet kompaniyasi vakillari bilan iqtisodiyot va sanoatni rivojlantirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va tajriba almashishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda SIA direktori o‘rinbosari Rustamxon Azizov, SchoolNet bosh direktori Ramireddi Chandra Reddi, shuningdek, tomonlarning boshqa vakillari ishtirok etdi. Uchrashuv davomida O‘zbekistonda erkin sanoat va iqtisodiy zonalarni rivojlantirish hamda o‘zgartirish istiqbollari, mahalliy sharoitda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan muvaffaqiyatli amaliyotlar muhokama qilindi.
Xorijiy tomon Hindistonda muvaffaqiyatli hisoblangan erkin iqtisodiy zonalar faoliyatiga oid yangi yondashuv haqida videotaqdimot namoyish etdi. SchoolNet rasmiylariga ko‘ra, EIZ 1000 gektar maydonni egallab, atrofidagi qishloqlarda 600 kishidan iborat ishchi kuchi mehnat qiladi. Ushbu EIZ hududining 25 foizi dam olish maskani bo’lib, sanoatlashtirilmagan. Bundan tashqari, butun infratuzilma 100 foiz ekologik toza resurslardan foydalangan holda ishlaydi.
Bundan tashqari, SchoolNet o‘z loyihalarida faol joriy etayotgan raqamlashtirish va innovatsion yechimlar masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ramireddi Chandra Reddi Hindiston amaliyotidan O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tarmoqlarini jadal rivojlantirishga yordam beradigan aniq misollar bilan o‘rtoqlashdi.
SIA direktori o‘rinbosari Rustamxon Azizov O‘zbekistonda erkin iqtisodiy zonalarni modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha strategik maqsadlarga erishish uchun SchoolNet kabi kompaniyalar bilan hamkorlik qilish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, tajriba almashish va Hindistonning ilg‘or texnologiyalarini joriy etish O‘zbekiston korxonalarining xalqaro maydonda samaradorligi va raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshirishi mumkinligi qayd etildi.