Strategik islohotlar agentligi tomonidan tungi iqtisodiyot bo‘yicha 5 ta xorijiy davlatlar (Buyuk Britaniya, Tailand, AQSH, BAA va Avstraliya) tajribasi va ushbu yo‘nalishni O‘zbekistonda yanada rivojlantirish istiqbollari o‘rganildi.
Xorijiy davlatlarning tungi iqtisodiyot rivojlangan shaharlarida yillik tushumlar miqdori sezilarli darajada iqtisodiyotga foyda keltirmoqda.
Ma’lumot uchun: 2023 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, Londonda tungi iqtisodiyotdan yillik tushumlar miqdori – 44 mlrd dollarni, Bangkokda – 10 mlrd dollarni, Nyu-Yorkda – 35 mlrd dollarni, Dubayda – 29 mlrd dollarni hamda Sidneyda – 3,8 mlrd dollarni tashkil etgan.
Bundan tashqari, ushbu shaharlarda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida alohida hududlar ajratilgan hamda qo‘shimcha ish joylari tashkil etilgan. Shuningdek, tungi iqtisodiyotni rivojlantirish orqali yuqoridagi shaharlarda mahalliy va xorijiy turistlar soni ham ortib bormoqda.
Yuqorida keltirilgan shaharlarda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida bir qator islohotlar amalga oshirilgan. Xususan:
a)ko‘ngilochar maskanlari va restoranlar 24 soat faoliyat yuritish huquqini beradigan litsenziyaga ega, qonunchilikka ularning ish vaqtini uzaytirish imkonini beruvchi normalar kiritilgan;
b)tunda faoliyat olib boruvchi tashkilotlar va aholi manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash hamda tungi iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tungi mer (tungi hokim) lavozimi joriy etilgan;
London va Nyu-Yorkda tungi mer shahar hukumati, tadbirkorlar va jamoat o‘rtasida bog‘lovchi vazifasini bajaradi.
v)tungi hayot faol hududlarda aholi va turistlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida politsiya patrullari soni ko‘paytirilgan hamda 24 soat davomida xizmat ko‘rsatadigan jamoat transportlari yo‘nalishlari yaratilgan;
Sidney shahrining tungi vaqtda xavfsizlik, tartib va tozalikni ta’minlash maqsadida pretsinkt elchilari (Precinct Ambassadors) joriy etilgan hamda London, Dubay va Nyu-York shaharlarda tungi avtobus va metro yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgan.
g)tunda faoliyat olib boruvchi tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari keng amalga oshirilib kelinadi.
Nyu-York va Sidneyda ko‘ngilochar maskanlar va tungi faoliyatni olib boruvchi tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash dasturlari, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar joriy etilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida bir qancha ijobiy chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Misol uchun, Toshkent shahrida hozirga qadar 2 ta 24 soat faoliyat olib boradigan gastronomik ko‘chalar (Sultonali Mashhadi va Taras Shevchenko) mavjud bo‘lib, yana 8 ta ko‘chalarni gastronomik ko‘chalarga aylantirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, viloyat rahbarlariga turistlar uchun dam olish dasturlarini tasdiqlash orqali savdo-ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyati tungi vaqtda cheklanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan zonalarni aniqlash vakolati berilgan.
Shunga qaramasdan, Toshkent shahrida tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun birinchi qadam sifatida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan imkoniyatlar chetda qolib, bir nechta ko‘chalarni gastronomik ko‘chalarga aylantirish chora-tadbirlari bilan cheklanib qolinmoqda.
Xususan:
a)tungi vaqtlarda poytaxtda transport xizmatiga talab mavjud bo‘lib, bu faqatgina shaxsiy yo‘nalishsiz taksi xizmatlarining faoliyati evaziga qondirilmoqda, biroq tungi rejimda xizmat ko‘rsatuvchi jamoat transporti harakati yo‘lga qo‘yilmagan;
Toshkent shahrida avtobuslar harakati 05:00 dan 23:00 gacha, metro harakati esa 05:00 dan 00:00 ga qadar xizmat ko‘rsatishi belgilangan.
b)tungi vaqtlarda ma’daniyat va san’at muassasalari hamda sport va ko‘ngilochar dam olish maskanlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyati mavjud;
Misol uchun, ma’daniyat va san’atga qiziquvchi aholi va turistlarga gallereyalar, muzeylar va kinoteatrlarni 24/7 rejimida ishlash huquqini berish hamda sport havaskorlari uchun sport maydonchalari, kibersport va fitnes klublar ish vaqtini uzaytirish imkoniyatlari mavjud.
v)tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida xavfsiz va jozibador jamoat joylarini loyihalash, shovqin va chiqindi bilan bog‘liq masalalar bilan ishlash uchun mas’ul organ biriktirilmagan.
Butun dunyo bo‘yicha 60 dan ortiq shaharlarda “tungi hokim” lavozimlari joriy etilgan bo‘lib, ular shaharlarning ekotizimini boshqaradi va innovatsion takliflarni ishlab chiqadi.
g)tunda faoliyat olib boradigan majmualar (kafe, tungi klub, muzey, sport majmualari va boshqalar) haqida mahalliy va xorijiy turistlar ma’lumot olishlari uchun elektron platforma yaratilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida Strategik islohotlar agentligi tomonidan quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
- 2025 yil 1 fevraldan boshlab tungi iqtisodiyot va turizmni rivojlantirishga qaratilgan ishchi guruh tashkil etish.
- Tungi iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida har juma va shanba kunlarida dam olish maskanlarni 24/7 rejimida uzluksiz ravishda ishlashini ta’minlash va tunda faoliyat olib boruvchi maskanlarning ish vaqti bilan bog‘liq cheklovlarni bekor qilish.
- Toshkent shahrida turistik salohiyatga ega hududlarni belgilab ushbu hududlarda tungi faoliyat zonalarini tashkil qilish.
- Tungi iqtisodiyot rivojlantirilishi rejalashtirilgan shaharlarning har birida jamoat transportini (avtobus, tramvay, metro) 24 soatlik rejimga o‘tkazish.
- “Tungi Toshkent” elektron platformasini ishlab chiqish hamda ushbu platformada tunda faoliyat olib boradigan maskanlar, tungi jamoat transporti yo‘nalishlari hamda maxsus arzonlashtirilgan takliflar haqida ma’lumot olish imkonini yaratish.
- Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida belgilangan muayyan hududlarni modernizatsiya qilish, ko‘chalarda yoritish tizimini kuchaytirish hamda aholi va turistlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi hamda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish va litsenziyalar berish tartibini isloh qilishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq hisoblanadi.