Strategik islohotlar agentligida “Boston Consulting Group” (AQSh) kompaniyasi vakillari bilan iqtisodiyotning alohida tarmoqlarining transformatsiyasida ishtirok etish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Agentlik direktori Baxodir Raxmatov, uning o‘rinbosari Rustamxon Azizov, BCGning O‘rta yer dengizi, Kaspiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy rahbari Davide Di-Domeniko, Kaspiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy rahbari Rza Nuriyev, hamda kompaniyaning O‘zbekistondagi vakillari Andrey Navitskiy va Igor Alekseyevlar ishtirok etdi.
Uchrashuv boshida xorijiy tomonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi PQ-109-son qaroridagi maqsad va vazifalar, shuningdek mazkur qaror vazirlik va idoralar tomonidan ijro etilishi to‘g‘risidagi muntazam hisobotlar haqida ma’lumot berildi.
D.Di-Domeniko BCGning Yevropa va Osiyoda avtomobil va mashinasozlik sohalarini transformatsiya qilishga qaratilgan ko‘plab loyihalar va dasturlarini boshqarishga doir o‘z tajribasi haqida so‘zlab berdi. Shuningdek u raqamli transformatsiya, strategik rejalashtirish, biznes-rejalar ishlab chiqish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va logistikani yaxshilashga qaratilgan loyihalarni keng ekspertiza qilish haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekistonda telekommunikatsiya tarmog‘ini isloh qilishga doir chora-tadbirlar muhokama qilinar ekan, D.Di-Domeniko bulutli xizmatlarni yaratishda sun’iy intellekt jihatlarini hisobga olish muhimligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022-yild Italiyada “Italiya bulutli ma’lumotlar milliy tizimi” ishga tushirildi.
A.Navitskiy shuningdek O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish BCG uchun strategik ahamiyatga egaligini ta’kidladi, shuningdek og‘ir va tog‘-kon sanoati sohalarida loyihalarni ishlab chiqish va joriy etish tajribasi haqida so‘zlab berdi.
Bundan tashqari, BCG vakillari xufiyona iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar haqida ma’lumot berib, Prezidentning 2024-yil 4-martdagi PQ-109-son qarorida belgilangan tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha konsultant sifatida qatnashishga to‘liq tayyorligini bildirdi.
Shu munosabat bilan, BCG bilan birgalikda energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, urbanizatsiya va uy-joy qurilish, shuningdek bank sektorini isloh qilish sohasiga doir 5 ta o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari ishlab chiqildi.