Strategik islohotlar agentligi tomonidan Bekobod shahridagi joriy holat o‘rganilib, joyga chiqqan holda shaharning o‘ziga xos salohiyati hamda “o‘sish nuqtalari” aniqlandi va tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Qisqa ma’lumot: Bekobod shahri 2-toifaga kiradi, shaharning umumiy maydoni 3,165 km2 tashkil etib, 35 ta mahallada 104,1 ming nafar aholi istiqomat qiladi. O‘tgan yilda shahar byudjeti daromadlari 88,1 mlrd so‘mni, xarajatlari esa 150 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Bekobod shahrida faoliyat yurituvchi xorijiy korxonalardan biri bo‘lmish “Bekobod ogneupor” xorijiy korxonasi “O‘zmetkombinat” AJ va “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” AJlar uchun 8 mlrd so‘mlik ogneupor mahsulotlari, smes qorishmalari, vtulkalar va boshqa turdagi mahsulotlarni yetkazib beradi va mazkur korxonada 100 nafar ishchi ishlaydi. Hozirda korxona texnologik modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirishi uchun qo‘shimcha 2,5 gektar yer maydonga ehtiyoj sezmoqda.
Bundan tashqari, korxona qishki mavsumlarda tabiiy gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilayotganligi ishlab chiqarish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ushbu holatda yechim sifatida shaharning “Metallurg” mahallasidagi korxona joylashgan hudud yaqinidan 2,5 gektar bo‘sh turgan yerni sanoat yo‘nalishida loyihalarni amalga oshirish sharti bilan elektron auksion orqali savdoga chiqarish, shu bilan birga, “Bekobod ogneupor” mahalliylashtirishga ixtisoslashgan korxonaligini va yirik ishlab chiqarish korxonalari uchun zarur mahsulotlarni yetkazib berishini hisobga olib uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlash taklifi ishlab chiqildi.
Buning natijasida 2 mln dollar qo‘shimcha investitsiya o‘zlashtirilishi, 50 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi, yillik ishlab chiqarish hajmi 15 mlrd so‘mga oshishi va byudjetga qo‘shimcha 5 mln so‘mlik soliq manbai paydo bo‘lishiga erishish mumkin.
Bekobod shahri geografik jihatdan qulay hududda joylashgan bo‘lib, o‘zining go‘zal betakror tabiatiga ega. Shahar hududidan “Sirdaryo”, “Farhod” va “Xoz-yoz” kanallari oqib o‘tgan, shahar Sirdaryo viloyati hamda Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh.
Ushbu holatdan unumli foydalanish maqsadida Bekobod shahridagi “Sirdaryo” sohili qirg‘og‘i va “Xoz-yoz” kanali bo‘ylab 6,5 gektar bo‘sh turgan yerlarni turizm yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirish istagini bildirgan tashabbuskorlarga ajratib berish, buning uchun “Sirdaryo” sohili qirg‘og‘i bo‘ylab 5 gektar yer maydoni va “Xoz-yoz” kanali bo‘ylab 1,5 gektar yer maydonini onlayn-auksion orqali savdoga chiqarish taklifi ilgari surildi.
Natijada “Sirdaryo” sohili qirg‘og‘i bo‘ylab 5 gyektar yer maydoni va “Xoz-yoz” kanali bo‘ylab 1,5 gektar yer maydonida xizmat ko‘rsatish ortishi, shuningdek 280 nafar aholi bandligi ta’minlanishi, yangi kichik biznes subyektlari tashkil qilinishi, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida aholiga qulayliklar yaratilishi kutilmoqda.
Bugungi kunda tadbirkor va ishbilarmonlarga bir qator yengillik va imtiyozlar berilmoqda. Shunga qaramasdan, ayrim tadbirkorlar qonunchilikni “chetlab o‘tgan” holda soliqlarni to‘lashdan bosh tortayotgan holatlar ham yo‘q emas. Bu esa o‘z navbatida halol raqobat muhitini bo‘g‘ib qo‘ymoqda.
Bu kabi holatlarga barham berish maqsadida, qurilish ishlarini tashkil etishda va qurilish-smeta hujjatlarida “Mehnatga haq to‘lash fondi”ni alohida ko‘rsatgan holda, soliq hisoblash bazasiga integratsiya qilish, ya’ni jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisoboti shakllarida qurilish-smeta hujjatlarida ko‘rsatib o‘tilgan mehnatga haq to‘lash fondi (soliq solish bazasi) aks ettirish taklif etilmoqda.
Buning natijasida qurilish tashkilotlari tomonidan ishchilarga “konvert” usulida oylik to‘lanishini oldi olinadi. Soliq solish bazasini kengaytirish yo‘li bilan byudjet (shahar miqyosida) qo‘shimcha yiliga 2 mlrd so‘m soliq tushumini tashkil etish uchun imkoniyat yaratiladi. Shu bilan birga fuqarolarning qonuniy mehnat staji ta’minlanadi va nafaqasi kafolatlanadi.
Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan barcha takliflarni ro‘yobga chiqarishga doir normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilishi ko‘zda tutilmoqda.