Strategik islohotlar agentligi tomonidan kichik aviatsiyaga oid xorijiy tajriba va mazkur yo‘nalishning iqtisodiy o‘sishga ta’siri o‘rganilgan holda yo‘nalishni rivojlantirishga doir bir qator takliflar ishlab chiqildi. Kichik aviatsiya maksimal uchish og‘irligi 495 kgdan 8 600 kilogrammgacha bo‘lgan va yo‘lovchilar soni 19 tadan oshmaydigan yengil samolyotlarni, shuningdek deltaplan, planer va havo sharlarini o‘z ichiga oladi. Mazkur tarmoqdan turizm, qishloq xo‘jaligi, sport, logistika, atrof-muhit monitoringi, aerofoto– va videotasvirga olish, geologiya-qidiruv va boshqa maqsadlarda faol foydalaniladi.
Xorijiy tajriba tahlili
AQSHda kichik aviatsiya sohasida 500 ming kishi faoliyat yuritadi, shulardan 300 mingga yaqini xususiy uchuvchi guvohnomasiga ega. Uchish apparatlari soni ham taxminan 300 ming atrofida, mamlakatdagi aeroport va aerodromlar soni esa jami 13 514 tani tashkil etadi. AQSHdagi fermerlar qishloq xo‘jaligi maqsadlarida 20 mingdan ortiq kichik samolyotlardan foydalanadilar. 2018-yilda qabul qilingan “Kichik aviatsiya to‘g‘risida”gi Qonun kichik samolyot va vertolyotlar egalari uchun ko‘plab tartib-taomillarni soddalashtirdi. Mazkur qonun bilan konsultativ va tartibga soluvchi organlar tashkil etilib, sertifikatsiya tizimi va parvozlar xavfsizligi sezilarli darajada takomillashtirildi. Kichik aviatsiya xizmatlari bozorining hajmi yiliga 50 mlrd dollar atrofida baholanib, sohadan kelib tushadigan soliq tushumlari har yili 4 mlrd dollarni tashkil etadi.
Rossiyada 3 359 ta kichik aviatsiya apparatlari va 2 ming nafar uchuvchilar ro‘yxatga olingan bo‘lib, 226 ta aeroport va 5 ta vertolyotdromlar faoliyat yuritadi. Shuningdek Rossiyada qiymati 7,6 mlrd dollar bo‘lgan Kichik va hududiy aviatsiyani rivojlantirish dasturi ishlab chiqilmoqda. Ushbu dastur ichki avialiniyalar tarmog‘ini kengaytirish, hududiy aviakompaniyalar tashkil qilish va aviakompaniyalar va aeroportlarga bo‘lgan moliyaviy yukni kamaytirishga qaratilgan.
Qozog‘istonda 300 dan ortiq samolyot parkiga ega 60 ta kichik aviatsiya tashkilotlari mavjud bo‘lib, ularda 200 dan ortiq aviatsiya mutaxassislari ishlaydi. Shu bilan birga mamlakatda 24 ta aeroport va 5 ta vertodromlar mavjud. Qozog‘istonda jamoatchilik ishtirokida kichik aviatsiya faoliyatini tartibga solish maqsadida Kichik aviatsiya uyushmasi tashkil etilgan. Uyushmada uchuvchilar va boshqa texnik mutaxassislarni tayyorlaydigan aviatsiya o‘quv markazlari va aviatsiya texnik markazlari mavjud.
O‘zbekistondagi holat
Respublikada 18 ta aeroport mavjud. Biroq, kichik aviatsiya sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikatlash, operatsion faoliyat va texnik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalarni kompleks taribga solish tizimi mavjud emas. Shuningdek xususiy uchuvchilar va aviatsiya sohasi xodimlarini tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimi yo‘q.
O‘zbekistonda 2025-yilga qadar kichik aviatsiyani rivojlantirishga doir takliflar
O‘zbekistonda 2025-yilga qadar kichik aviatsiyani rivojlantirish uchun xorijiy tajribani puxta o‘rganish lozim. Bu AQSH, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarda kichik aviatsiyaning iqtisodiy o‘sishga bo‘lgan ta’sirini o‘rganishni o‘z ichiga oladi. Mazkur mamlakatlar tajribasidan olingan saboqlar O‘zbekistonda kichik aviatsiya sohasi rivojini jadallashtirishga yordam beradi.
Shuningdek, joriy Havo kodeksini qayta ko‘rib chiqish hamda kichik aviatsiya sohasida smarali normativ-huquqiy bazani yaratish maqsadida yangi normativ hujjatlar ishlab chiqish lozim. Bu tarmoqning xavfsizligini va samarali faoliyatini ta’minlaydigan aniq qoida va tartib-taomillar o‘rnatish imkonini beradi.
Kichik aviatsiya infratuzilmasini rivojlantirish ham muhim ahamiyatga ega masala hisoblanadi. Yangi aerodrom va vertodromlar qurilishi transport imkoniyatlarini oshirib, mamlakatning alohida hududlarini asosiy iqtisodiy markazlar bilan bog‘laydi.
Shuningdek, kichik aviatsiyaning muqobil turlari, shu jumladan deltaplanlar, planerlar, havo sharlarining yo‘lga qo‘yilishini qo‘llab-quvvatlash maqsadga muvofiqdir. Aviatsiyaning mazkur turlari turizm, sport va boshqa sohalarda keng qo‘llanilishi mumkin.
Aviatsiya sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash tizimini shakllantirish ham muhim masalalardan biri hisoblanadi. Uchuvchilar va texnik xodimlarni o‘qitish ta’lim dasturlarini yaratish orqali o‘sib borayotgan kichik aviatsiya sohasini malakali kadrlar sonini oshirish mumkin bo‘ladi.
Kichik aviatsiyani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini belgilash, soliq yukini kamaytirish va byudjet tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari soha korxonlariga yanada raqobatbardosh va barqaror faoliyat yuritishlariga yordam beradi.
Sohani samarali boshqarish uchun ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikatlash, ekspluatatsiya qilish va texnik xizmat ko‘rsatish tizimini belgilash, shu jumladan kichik aerodromlar va vertolyotdromlarni ochish va ishlatish bo‘yicha tabaqalashtirilgan tizimni joriy etish mumkin.
Bundan tashqari, kichik aviatsiya sohasida samarali davlat nazorati tizimini joriy etish zarur. Bu barcha me’yor va standartlarga rioya qilinishini, shuningdek xavfsizlik va xizmatlar sifati yuqori darajada bo‘lishini ta’minlaydi.
O‘zbekistonda kichik aviatsiyanining samarali rivojlanishi mamlakatning olis hududlarining iqtisodiy o‘sishida muhim omil bo‘lib, transport infratuzilmasining yaxshilanishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilishi mumkin.