Strategik islohotlar agentligi tomonidan O‘rta Chirchiq tumanidagi joriy holat o‘rganilib, tumanning o‘ziga xos salohiyatidan kelib chiqqan holda qo‘shimcha iqtisodiy “o‘sish nuqtalari” aniqlandi va tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Qisqa ma’lumot: O‘rta Chirchiq tumani 3-toifaga kiradi, tumaning umumiy maydoni 42,9 km2ni tashkil etib, 57 ta mahallada 135,9 ming nafar aholi istiqomat qiladi. O‘tgan yilda tuman byudjeti daromadlari 49,2 mlrd so‘mni, xarajatlari esa 117 mlrd so‘mni tashkil etdi.Alohida e’tibor qaratilgan yo‘nalishlardan biri infratuzilma masalasi bo‘lib, O‘rta Chirchiq tumanida mazkur yo‘nalishda bir qator muammolar borligi, jumladan, tumanning elektr energiyasi ta’minoti asosiy 9 ta 110/35/10/6 kv nimstansiyalar orqali ta’minlanishi ma’lum bo‘ldi.
Misol uchun, tuman elektr ta’minoti tasarrufidagi “Sholichilik” nimstansiyasidan chiquvchi elektr tarmoqlari orqali Toshkent shahrining Bektemir va Yangihayot tumanlarini ham elektr energiya bilan ta’minlamoqda.
Elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar tumandagi 321 ta sanoat korxonalari uchun to‘liq quvvatda faoliyat olib borishiga to‘sqinliq qilmoqda.
Mazkur holatga yechim sifatida Toshkent shahrining Bektemir va Yangihayot tumanlarining rivojlanish dinamikasidan kelib chiqib, ularning ehtiyojlari uchun alohida 110/35/10/6 kv nimstansiyani qurish taklifi ishlab chiqildi.
Natijada tumanda qo‘shimcha 3000 nafardan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi, tumanning sanoat ishlab chiqarish hajmi 1,7 trln so‘mdan 2,6 trln so‘mga yoki 1,5 barobarga oshishi, yiliga byudjetga qo‘shimcha 60 mlrd so‘m soliq tushumlari tushishi bilan birga sanoat mahsulotlari eksporti 30 mln dollarga yetishi kutilmoqda.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida tumanning turizm salohiyati yuqoriligi, jumladan, “Nomdanak”, “O‘rtabo‘z” va “Oltio‘g‘il” mahallalari Toshkent dengizi atrofida joylashganligi sababli, ushbu hududlarda turizmni rivojlantirish imkoniyati mavjudligi aniqlandi.
Biroq, ushbu hududda infratuzilma bilan bog‘liq muammolar borligi sababli (yo‘l, yoritish tizimlari, transport) hududning to‘liq salohiyati ro‘yobga chiqarilmayapti.
Ishchi guruh tomonidan tayyorlangan taklifda ushbu hudud bo‘yicha Turizm qo‘mitasi hamda tegishli tashkilotlar bilan master reja ishlab chiqish masalasi ko‘tarilgan.
Shu bilan birga, “O‘rtabo‘z” mahallasi hududi infratuzilmasini (yo‘l 5,4 km, tungi yoritish chiqroqlari hamda piyodalar yo‘lakchasi) to‘liq ta’mirlash, Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan tegishli hisob-kitoblar asosida hududning infratuzilmasini rivojlantirish uchun 36 mlrd so‘m mablag‘ (shu jumladan, uzunligi 5,4 km, kengligi 4 m bo‘lgan avtomobil yo‘lini to‘liq ta’mirlash ishlarini tashkil etish uchun 3 mlrd so‘m) ajratish taklif etilmoqda.
Ushbu ishlar amalga oshirilgan taqdirda tumanga qo‘shimcha 2 mln dollar investitsiya jalb etiladi, 24 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shahobchalari ochiladi, 10 dan ortiq obyektlar faoliyati tiklanadi, 14 ta dam olish obyektlari to‘liq quvvatda tashqi va ichki turistlarni jalb qiladi.
Shuningdek, O‘rta Chirchiq tumanida bo‘sh va samarasiz turgan mehmon uylaridan to‘liq foydalanish imkoniyati paydo bo‘lishi bilan birga, 1 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bu esa kuniga 1 000 dan ortiq turist jalb qilish va byudjetga 2 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushirish imkoniyatini beradi.
Ishchi guruh tumandagi bo‘sh turgan bino va inshootlardan samarali foydalanish masalasini ham alohida o‘rganib chiqdi.
Jumladan, “Kuchlik” mahallasida bo‘sh turgan dori saqlash omborlari kompleksi 50,7 mlrd so‘m boshlang‘ich baho bilan auksion savdolariga chiqarilgan. Ushbu obyektning boshlang‘ich qiymati yuqoriligi sababli binolar 10 marta qayta savdoga chiqarilgan bo‘lsa-da, bugungi kungacha sotilmagan.
Ishlab chiqilgan takliflar amalga oshirilgan taqdirda, 40 mln dollardan ortiq investitsiyalar o‘zlashtirilishi, 20 dan ortiq import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilishi, 1 200 nafardan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi, yiliga qo‘shimcha byudjetga 35 mlrd so‘m soliq tushumlari tushishi va yiliga 15 mln dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirilishi kutilmoqda.
Strategik islohotlar agentligi tomonidan yuqoridagi takliflarni ro‘yobga chiqarish yuzasidan tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilishi nazarda tutilgan. Agentlik tomonidan Toshkent viloyatining boshqa tuman va shaharlarining salohiyati o‘rganilib, aniqlangan “o‘sish nuqtalari”ga mos takliflar tayyorlash ishlari davom etmoqda.