Butun dunyo tovar savdosining qariyb 80 foizi dollarda amalga oshiriladi. Xususan, tovar eksportidagi dollar ulushi Amerika qit’asida 96 foiz, Osiyo–tinch okeanida 74 foiz, Yevropada 23 foiz (mazkur holat mintaqada valyuta ittifoqining mavjudligi bilan izohlanadi), dunyoning boshqa davlatlarida 79,4 foizni tashkil etadi.
Mamlakatimizning tashqi savdosida dollar va yevroning ulushi yuqori hisoblanadi. Xususan, 2019 yilda importda yevro va dollarning ulushi 95 foizni tashkil etgan (dollar 83 foiz, yevro 12 foiz) bo‘lsa, 2023 yilga kelib bu ko‘rsatkich 89,4 foizgacha kamaygan (dollar 79,5 foiz, yevro 9,9 foiz). Eksportda esa dollar va yevroning ulushi 2019 yildagi 99,1 foizdan, 2023 yilda 93,2 foizgacha kamaygan.
Bunda, rublning ulushi eksportda so‘nggi 5 yilda 0,8 foizdan 5,3 foizga yetgan bo‘lsa, importda 4,2 foizdan 7,6 foizgacha yetgan.
Shuningdek, tashqi savdoda so‘m ham oz bo‘lsa-da qo‘llanilib, 2019 yilda 8,7 mln dollarlik import tovarlar (ulushi 0,0 foiz), eksportda 2,4 mln dollarlik tovarlar so‘mda savdo qilingan bo‘lsa, 2023 yilga kelib so‘mdagi import 87 mln dollarga (ulushi 0,3 foiz), eksportda esa 21,2 mln dollarga yetgan (ulushi 0,2 foizi).
Hozirda ba’zi davlatlar yoki iqtisodiy bloklar tashqi savdoni amalga oshirishda milliy valyutalardan foydalanadi. Xususan, Yevropa ittifoqida tashqi savdosining 66 foizi yevroda amalga oshiriladi. Rossiya boshqa davlatlar bilan savdolarda asosan rubl va yuandan foydalanadi. Bu ikki valyutaning umumiy RF tashqi savdosidagi ulushi 70 foizdan oshadi (rubl 40 foiz, yuan 30 foiz).
Iqtisodiyoti kichik bo‘lgan davlatlar quyidagi sabablarga ko‘ra o‘z valyutalaridan xalqaro savdolarda keng foydalanish imkoniyati cheklangan:
a) Valyuta likvidligi pastligi. Har qanday milliy valyuta faqat ana shu davlat doirasidagina to‘laqonli to‘lov vositasi bo‘lib, boshqa davlatlarda muomalada bo‘la olmaydi. Demak-ki, bu davlatning iqtisodiyoti xajmi qancha kichik bo‘lsa, bu milliy valyutaga shu davlat ichida ikkinchi tomon uchun kerakli mahsulotlarni kerakli xajmda topish va almashtirish turli qiyinchiliklar tug‘diradi;
b) Yuqori volatillik, kichik davlatlar valyutalari nisbatan yuqori tebranishlarga moyil bo‘ladi. Ya’ni, iqtisodiyoti kichik va fiskal-zaxira imkoniyatlari cheklangan davlatlarda milliy valyutaning kursi tashqi qarz, byudjet harajatlari hajmi, tashqi savdo va to‘lov balansidagi o‘zgarishlarga juda reaktiv bo‘ladi. Bu esa, savdo shartnomalarini amalga oshirishda tomonlarning birini xarajatlarning oshishiga olib keladi. Bundan tashqari, importyor yoki eksportyorlar nisbatan ko‘p tebranuvchi valyutalarda shartnoma qilishdan tiyiladi;
c) Milliy valyutaga bo‘lgan ishonchning pastligi. Yuqoridagi keltirilgan faktlar tufayli iqtisodiyoti kichik bo‘lgan davlatlar valyutasiga xalqaro savdolarda ishonch past bo‘ladi. Erkin muomaladagi valyutasiga ega bo‘lgan xaridor kerakli tovarni O‘zbekiston bozoridan topa olmasa, uni dunyo bozoridan o‘ziga maqbul narxlarda topish imkoniyatiga ega. Lekin u o‘z tovarini so‘mga sotgan bo‘lsa, faqat so‘mga mahsulot sotib olishga, yoki dollarga almashtirishga majbur bo‘ladi. Oxirgi holatda milliy valyutada savdo olib borishning hech bir mantig‘i qolmaydi.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, xalqaro savdo amaliyotlarini milliy valyutada olib borish juda katta xatarlarga olib kelishi
va tomonlarning tranzaksion xarajatlarini keskin oshirib yuboradi.
Ma’lumot uchun: 2019 yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi qo‘shnilarimizning birontasi xalqaro savdoda milliy valyutasidan foydalanmagan. Xususan, Qozog‘iston eksportining 87 foizi va importining 55 foizini dollarda, Qirg‘iziston eksportining 67 foizi va importining 78 foizini dollarda amalga oshirgan. Mamlakatimiz esa eksportining 96 foizi va importining 81 foizini dollarda amalga oshirgan.
Mamlakatimiz tomonidan xalqaro savdoda so‘mdan foydalanish imkoniyati cheklangan. Ba’zi qo‘shni davlatlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali tashqi savdoning bir qismini milliy valyutaga o‘tkazish mumkin. Lekin tashqi savdoning asosiy qismini milliy valyutaga o‘tkazishga urinish birinchidan imkonsiz (infratuzilma yo‘qligi sababli), ikkinchidan judayam qimmatga tushadi.
2023 yilda tashqi savdo defitsiti 17,4 mlrd dollarni tashkil etgan, ya’ni sof holatda mamlakatimizning chet el valyutasiga ehtiyoji mavjud. Agar tashqi savdoda profitsit shakllanganda boshqa davlatlarda milliy valyutamizga talab bo‘lishi mumkin edi.
Boshqa davlatlardan, milliy valyutada mahsulotlarni sotishga undash ular tomonidan ham xuddi shunday harakatlarning javoban qo‘llanishiga olib keladi. Bu esa, o‘z navbatida, savdo hajmining qisqarishi, import tovarlar narxining oshishi (noekvivalent yoki bozorga noxos almashuv pariteti tufayli) va eksport tovarlarga bo‘lgan talabni pasaytiradi.
Abdulla Abduqodirov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Strategik islohotlar agentligi
direktorining birinchi o‘rinbosari