2023 yilda milliy valyutaning dollarga nisbatan qadrsizlanishi 9,2 foizni tashkil etib, so‘nggi uch yilda birinchi marta valyuta kursining qadrsizlanishi yillik inflyatsiyaga nisbatan yuqori shakllandi. Xususan yil davomida umumiy inflyatsiya 8,8 foizni tashkil etgan (1–diagramma).
Maʼlumot uchun: 2022 yilda milliy valyutaning qadrsizlanishi 3,3 foiz, inflyatsiya 12,3 foiz, 2021 yilda milliy valyuta qadrsizlanishi 2,9 foiz, inflyatsiya esa 10.0 foizni tashkil etgan
2022 yilda inflyatsiya darajasi 2,3 foiz bandga tezlashgan holatida milliy valyutaning qadrsizlanishi 0,4 foiz bandga tezlashgan xolos. Bunda valyuta kursining nisbatan barqaror saqlanib qolishi holat geosiyosiy vaziyatning keskinlashishiga qaramasdan rubl kursining nisbatan barqaror saqlanib qolishi natijasida mamlakatatimizga transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining yuqori suratlarda o‘sganligi bilan izohlanadi.
Inflyatsiya darajasining tezlashishi esa oziq-ovqat taklif zanjiridagi uzilishlar natijasida oziq-ovqat inflyatsiyasining keskin tezlashganligi bilan izohlanadi.
Maʼlumot uchun: 2022 yilda transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 17,2 mlrd dollarni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 82 foizga o‘sgan. 2022 yilda Oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi 15,6 foizni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 2,6 foiz bandga tezlashgan.
1-diagramma
2023 yilda inflyatsiya darajasi oziq-ovqat inflyatsiyasining pasayishi bilan sekinlashgan bo‘lsa, transchegaraviy pul o‘tkazmalari o‘zining uzoq muddatli trendiga qaytmoqda, tashqi savdo defitsiti esa real kursning mustahkamlanishi (2023-yilda 4,6 foizga mustahkamlangan) va doimiy fiskal rag‘batning saqlanib qolishi natijasida o‘sishda davom etmoqda.
Bundan tashqari, 2022 yil davomida banklarga kirib kelgan pul mablag‘lari chiqib ketmoqda. Yuqoridagilar milliy valyutaning chet el valyutasiga nisbatan nominal kursiga, shuningdek xalqaro zaxiralarga bosimni oshirmoqda.
2023 yilda xalqaro zaxiralar 2,7 mlrd dollarga qisqargan. Zaxiralar qisqarishining eng katta qismi 3 chorakka to‘g‘ri kelib, iyul–sentyabr oylarida xalqaro zaxiralar 2,2 mlrd dollarga kamaygan (2 – diagramma).
To‘rtinchi chorakda to‘lov balansida moliyaviy oqimning yuqori darajada o‘sishi natijasida umumiy oqim joriy operatsiyalar hisobi defitsitiga nisbatan 900 mln dollarga ko‘proq bo‘lgan, bu esa to‘rtinchi chorakda zaxiralar
hajmining qariyb 1,9 mlrd dollarga oshishiga zamin yaratgan.
2-diagramma
2023 yilda joriy hisoblar operatsiyasining defitsiti 7,8 mlrd dollarni tashkil etgan(2 – diagramma). Bunda tashqi savdo defitsiti 17,6 mlrd dollar (2022 yilda 13,7 mlrd dollar), birlamchi hamda ikkilamchi daromadlarning
mamlakatimizga sof oqimi 9.8 mlrd dollarni (2022 yil mos davrda 13,1 mlrd dollar) tashkil etgan (3–diagramma).
Tashqi savdo defitsitining o‘sishi tovarlar eksportining 2,3 mlrd dollarga o‘sgani holatida tovarlar importi hajmining 6,2 mlrd dollarga o‘sganligi bilan izohlanadi. Bunda importning asosiy o‘sishi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. 2023 yilda Xitoydan import 76 foizga (4,9 mlrd dollar) o‘sgan.
2023 yilda birlamchi daromadlarning mamlakatimizga sof oqimi – 761,3 mln dollarni, 2022 yilda esa 902,9 mln dollarni tashkil etgan. Bu holat ish haqi shaklida kelib tushgan o‘tkazmalarning 1 mlrd dollarga kamayganligi holatida, mamlakatimizdan olib chiqib ketilgan investitsion daromadlarning 985 mln dollarga oshib 4,1 mlrd dollarga yetganligi bilan izohlanadi.
Ikkilamchi daromadlar hajmi 1,4 mlrd dollarga (yoki 14 foiz) qisqarib 10,5 mlrd dollarni tashkil etgan. bu holat Rossiya iqtisodiyotining sanksiyalar ta’sirida inqirozni boshdan kechirayotganligi hamda rublining qadrsizlanishi bilan izohlanadi.
Ma’lumot uchun: Rossiya iqtisodiyoti 2022 yilda – 2,2 foizga qisqarganligi kuzatildi. 2023 yilda o‘sish ko‘rsatkichlari tiklanib, iqtisodiyot 3,6 foizga o‘sdi. Lekin bu ko‘rsatkich geosiyosiy keskinlikdan oldingi o‘sish (4,7 foiz) bilan taqqoslaganda sezilarli darajada past hisoblanadi.
Ma’lumot uchun: Rossiya rubli dollarga nisbatan 18 fevraldan (geosiyosiy keskinlik oshishi arafasi) 2022 yil so‘ngiga qadar 5 foiz qadri oshgan. Bu holat Markaziy bank tomonidan valyuta barqarorligini ta’minlash maqsadida ko‘rilgan qo‘shimcha chora tadbirlar bilan izohlanadi. 2023 yilda esa rubl dollarga nisbatan 22 foiz qadrini yo‘qotdi.
3-diagramma
2023 yilda to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar (sof) hajmi 2,2 mlrd dollarni tashkil etib, 2022 yilga nisbatan 16 foizga (425 mln dollar) pasaygan. Bu holat 2022 yilga nisbatan daromadlarni reinvestitsiya qilish amaliyotining 443 mln dollarga qisqarib 785,7 mln dollargacha pasayganligi bilan izohlanadi (5–diagramma).
Yuqori o‘sishda davom etayotgan (2023-yilda 6 foiz) davlatga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarning sezilarli qisqarishini kelajak uchun xavotirli signal.
So‘ngi 5-yilda faqatgina pandemiya kuzatilgan 2020-yilda to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar oqimida qisqarish kuzatilgan edi. O‘shanda iqtisodiy o‘sish 2 foizgacha sekinlashgan. 2023-yilda esa o‘sish 6 foizni tashkil
etib, 2022-yilga nisbatan 0,3 foizga tezlashgan(4 – diagramma).
4-diagramma
2023 yilda portfel investitsiyalar hajmi 968 mln dollarga oshib, 995 mln dollarga yetgan. Bu oktyabr oyida chiqarilgan 4,25 trln so‘m miqdoridagi “yashil” suveren xalqaro obligatsiyalar hamda 660 mln dollar miqdoridagi xalqaro obligatsiyalar bilan izohlanadi.
5-diagramma
2023 yilda mamlakatimizga 3,4 mlrd dollar miqdoridagi boshqa investitsiyalarning sof oqimi kuzatilgan. Bunda davlat boshqaruv sektoriga 3 mlrd dollar, banklarga (depozit tashkilotlari) 2,1 mlrd dollar chet el valyutasi kirib kelgan bo‘lsa, boshqa sektordan 1,8 mlrd dollar chiqib ketgan.
Ma’lumot uchun: 2023-yilda depozit tashkilotlarining chet eldagi aktivlari (qisqa muddatli depozitlar) 1,2 mlrd dollarga qisqargan. Banklarning norezidentlar oldidagi majburiyatlari
esa 972 mln dollarga oshgan.
2022 yilda bank sektorining chet eldagi aktivlari 223 mln dollarga (asosan qisqi muddatli depozitlar), majburiyatlari 1,3 mlrd dollarga oshgan edi.
Davlat sektori yil davomida 3 mlrd dollar miqdoridagi qarz jalb qilgani holatida, chet eldagi aktivlari 18 mln dollarga kamaygan. 2022 yilda hukumatning chet el oldidagi majburiyatlari 1,4 mlrd dollarga oshgani holatida chet eldagi aktivlari 20 mln dollarga qisqargan edi.
2023 yilda boshqa sektorlarning chet eldagi aktivlari 5,1 mlrd dollarga (2022 yilda 9,7 mlrd dollar), majburiyatlari esa 3,3 mlrd dollarga (2022 yilda 2,4 mlrd dollar) oshgan. Bu holat nomoliyaviy tashkilotlarning (hamda uy xo‘jaliklari) chet eldagi depozitlari o‘sishi bilan izohlanadi. Majburiyatlarning o‘sishi esa nomoliyaviy tashkilotlarning qarzlari 2,3 mlrd dollarga o‘sganligi bilan izohlanadi. Bunda jalb qilingan mablag‘ning 300 mln dollar qisqa muddatli, 2,0 mlrd dollari uzoq muddatli qarz hisoblanadi (6–diagramma).
6-diagramma
Yuqoridagilaridan kelib chiqib quyidagilar taklif etiladi:
a) zaxiralarning qisqarishi birinchi navbatda to‘lov balansidagi nomutanosibliklar natijasida yuzaga kelmoqda. To‘lov balansidagi nomutanosiblikka joriy hisoblar operatsiyasidagi birlamchi hamda ikkilamchi daromadlar o‘zining uzoq muddatli trendiga qaytayotgan davrda tashqi savdo defitsitining yuqori suratlarda o‘sayotganligi katta ta’sir o‘tkazmoqda.
Ma’lumot uchun: joriy hisoblar operatsiyasi defitsiti hamda moliyaviy hisoblarning sof oqimi bir biriga teng bo‘lishi zarur. Agar joriy hisoblardagi defitsiti yuqori bo‘lsa, unda bu zaxiralarning qisqartirishiga sabab bo‘ladi.
Tashqi savdo defitsitining o‘sishi so‘ngi yillarda asosan byujet defitsiti hamda byudjet xarajatlarining YAIMga nisbatan yuqori suratlarda o‘sayotganligi bilan izohlanadi. Xususan, 2023 yilda byudjet qonunchiligiga ko‘ra byudjet defitsiti YAIMga nisbatan 4 foizdan oshmasligi belgilab qo‘yilganligiga qaramasdan, yil yakuniga kelib byudjet defitsiti YAIMning 5,5 foiziga yetdi.
Byudjet xarajatlarini qisqartirib borish tashqi savdo defitsiting qisqarishiga sabab bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, byudjet xarajatlarini har yilini rejadan tashqari 3 foizga qisqartirib borish (yoki reja qilingan o‘sishdan
3 foiz sekinroq o‘sishi), birinchidan 2030 yilgacha byudjet defitsiti muammosini hal qilsa, ikkinchidan tashqi savdo defitsitini qisqartirish orqali to‘lov balansidagi nomutanosiblikni yumshatishga xizmat qiladi.
Hozirgi yuqori foizli dunyoda mamlakatimizga moliyaviy oqimlarni ko‘paytirish imkoniyatlari cheklangan. Shundan kelib chiqib byudjet xarajatlarining qisqartirish to‘lov balansidagi nomutanosiblikni kamaytirishi bilan birga milliy valyuta kursining barqarorligini ta’minlashda optimal qaror bo‘ladi.
b) Markaziy bank milliy valyutani zaxiralardan foydalanish orqali himoya qilish amaliyotini keskin cheklanishishi zarur. 2023 yilda xorijiy valyutadagi zaxiralar hajmi 2,7 mlrd dollarga qisqargan. Valyutadagi zaxiralarning
qisqarishi aynan milliy valyutani nominal kursini himoya qilishga qaratilgan siyosat natijasi hisoblanadi.
Asosiy hamkor davlatlar valyutalari qadrsizlanayotgan davrda milliy valyutamizning barqaror saqlanib qolishi real valyuta kursining qadri oshishiga olib keladi (2023 yilda real kurs 4,6 foizga mustahkamlangan). Real valyuta kursining qadri oshishi esa mamlakatimiz eksport tovarlarining raqobatbardoshligini pasaytiradi (importni esa rag‘batlantiradi).
Shundan kelib chiqib, Markaziy bankning milliy valyuta kursini himoya qilish amaliyotini kamaytirishi zaxiralar qisqarishining oldini olishi bilan birga, to‘lov balansidagi nomutanosiblikni ham yumshatishga yordam beradi.