Strategik islohotlar agentligida McKinsey & Company (AQSh) konsalting kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda SIA direktori Baxodir Raxmatov, McKinsey kompaniyasining Markaziy Osiyodagi rahbari Dulatbek Ikboyev, davlat sektori va turizm bilan ishlash bo‘yicha loyiha menejeri Ayjana Distiyarova, kompaniyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rustam Shanazarov, SIA direktori o‘rinbosari Rustamxon Azizov, shuningdek boshqa mutaxassislar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda SIA direktori Agentlik vazifalari, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2024-yil 4-martdagi PQ-109-son qarorida ko‘rsatilgan strategik vazifalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishdagi o‘rni haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Kompaniya vakillari ushbbu vazifalarga qiziqish bildirgan holda Prezident Qarorida ko‘zda tutilgan masalalar bo‘yicha ekspert yordami va maslahatlarini berishga tayyorligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, O‘zbekistondagi investitsiya muhitini yaxshilash, tovarlarni eksport qilishda Xitoy bozorlaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi. Mutaxassislar pandemiyadan keyin xitoylik turistlarni jalb qilish tendentsiyasi hamda turizm va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga investorlarni jalb qilish imkoniyatlarini qayd etdilar.
McKinsey & Company ekspertlarining e’tiboriga tarif-sifat tizimini joriy etish, hududlarni rivojlantirish, eksportni cheklash usullari va bank sektorini isloh qilish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar taqdim etildi.
Mazkur yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun SIAning muvofiqlashtiruvi bilan McKinsey ekspertlari va O‘zbekiston tarmoq idoralari o‘rtasida uchrashuvlar tashkil etish taklif etildi.