III Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov “Adisri” konsalting kompaniyasining strategik masalalar bo‘yicha maslahatchisi Indranil Das Gupta bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi.
Maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirish yo‘nalishida 15 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan Indranil Das Gupta Hindistonning bir qator shaharlarida 5500 gektardan ortiq yer maydonidagi maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirishda bevosita qatnashgan.
Uchrashuv davomida I.Gupta mamlakatimizda 22 ta maxsus iqtisodiy zonalar mavjudligi haqida maʼlumotga ega ekanligini maʼlum qilib, bugungi kunda Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan birgalikda takomillashtirilayotgan “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini xalqaro tajriba bilan boyitishda o‘z hissasini qo‘shish taklifini berdi.
Shu bilan birga, ekspert O‘zbekistondagi maxsus iqtisodiy zonalar kompleks tarzda normativ-huquqiy tartibga solinishi va qulay muhitga ega bo‘lishi maqsadga muvofiq bo‘lishini alohida qayd etdi.
Shuningdek Agentlik direktori Baxodir Raxmatov va I.Gupta o‘rtasida ekspertning “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi” Qonun loyihasini takomillashtirishda ishtirok etishi imkoniyatini muhokama qilindi.
Tomonlar tez orada Hindistonda maxsus iqtisodiy zonalar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar orqali erishilgan aniq natijalarga bag‘ishlangan batafsil maʼlumot bilan atroflicha tanishib chiqishga kelishishdi.