Strategik islohotlar agentligida Agentlik direktori Baxodir Raxmatov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Suma Chakrabarti o‘rtasida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda S.Chakrabarti loyiha ofisi ekspertlari Mandip Beyns, Mari-Enn Birken, Djonatan Charlz, SIA direktori o‘rinbosari Rustamxon Azizov hamda Agentlik huzuridagi Delivery Unit ofisi rahbari Aziza Umarova ishtirok etdi.
Uchrashuvda muhokama qilingan asosiy mavzulardan biri S.Chakrabarti loyiha ofisi bilan birgalikda 2024 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarga doir “yo‘l xaritasi”ning ijro holatiga bag‘ishlandi.
Xususan, Mandip Beyns O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish jarayonini jadallashtirish masalasidaO‘zbekiston yaxshi natijalarga erishayotganini bildirdi. Shu bilan birga, JSTga aʼzo bo‘lishda asosiy 3 ta yo‘nalish: a) ikki tomonlama muzokara va muhokamalar; b) ko‘p tomonlama muzokara va muhokamalar; v) ichki chora-tadbirlar ekanligini qayd etildi.
S.Chakrabarti Natijalarga erishishni boshqarish guruhi (Delivery Unit) faoliyatini yuqori baholadi. Mazkur guruh tomonidan kanalizatsiya, yod tanqisligi, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash kabi muhim ijtimoiy yo‘nalishlarda tayyorlangan maʼlumotlar qaror qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.
Muhokama davomida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda “El-yurt umidi” jamg’armasi faoliyatlarini integratsiya qilib, ularning atrofida yagona ekotizim yaratishga qaratilgan masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Uchrashuv yakunida tomonlar joriy yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda hamkorlik muhimligini ta’kidladi.