Strategik islohotlar agentligi vakillarining Agentlik direktori Baxodir Raxmatov boshchiligidagi Rossiyaga xizmat safari davomida tashkil etilayotgan tadbirlar doirasida Agentlik rahbarining Rossiya Strategik tashabbuslar agentligi (STA) Bosh direktori Svetlana Chupsheva bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida ikki Agentlik o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlari, shuningdek STAning hududlar bilan ishlash hamda rivojlanish dasturlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tajribasiga urg‘u berildi.
“Biz O‘zbekiston Prezidentiga “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida joriy yilda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan islohotlarga doir takliflar taqdim etdik. Islohotlar transport, telekommunikatsiya, qishloq va suv xo‘jaligi, tadbirkorlikni tashkil etish va rivojlantirish, energiya xavfsizligi sohalariga taalluqlidir. Prezidentimiz joylardagi muammolarni o‘rganishni topshirig‘ini berdi. Biz mazkur yo‘nalishdagi tajribangiz va bu boradagi amaliyotlaringiz bilan tanishishdan manfaatdormiz”, – dedi Baxodir Raxmatov.
Shuningdek Strategik islohotlar agentligi va STA o‘rtasidagi hamkorlik faollashtirilib, 2024-yilga mo‘ljallangan hamkorlik “Yo‘l xaritasi” shakllantirilishi qayd etildi.
Svetlana Chupsheva o‘z navbatida STA va Strategik islohotlar agentligining vazifalari ko‘p jihatdan o‘xshashligini, STA jamoasi mutlaqo ochiqligini, uchrashuvlar o‘tkazishga, bugungi kunda mavjud bo‘lgan loyiha va dasturlar natijalarini taqdim etishga tayyor ekanligini bildirdi. Bundan tashqari, Baxodir Rahmatov va Svetlana Chupsheva O‘zbekiston xalqaro tuzilmalar doirasida qo‘shilishi mumkin bo‘lgan loyihalarni muhokama qildilar.