2024 yil 13 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga joriy yilda amalga oshirish mo‘ljallangan asosiy strategik islohotlar bo‘yicha maʼlumot taqdim etildi. Bugun Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov raisligida yuqoridagi taqdimot davomida Davlat Rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar hamda taqdimot bo‘yicha takliflar ijrosiga bag‘ishlangan onlayn muhokama (ZOOM orqali) o‘tkazildi.
Muhokamada Prezidentning iqtisodiy rivojlanish masalalari bo`yicha maslahatchisi R.Gulyamov, Prezident Administratsiyasi departamenti rahbari B.Mavlonov, Strategik islohotlar agentligi direktori B.Raxmatov, shuningdek Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi, Transport vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va boshqa 20 dan ortiq vazirlik va idoralar rahbarlari hamda masʼul xodimlari qatnashdilar.
Onlayn uchrashuv davomida islohotlar amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan 5 ta muhim soha – transport, urbanizatsiya va shaharsozlik, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi va energetikadagi islohotlar yo‘nalishlari bo‘yicha reja tuzishga kelishildi. Shuningdek, islohotlarni amalga oshirishda ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan holda yondashish muhim ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlandi.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, belgilangan har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq belgilangan muddatlar va ularni amalga oshirish uchun mas’ul shaxslar ko‘rsatilgan aniq chora-tadbirlar rejasi qabul qilinishiga kelishib olindi. Shunday qilib, muhokamaning barcha ishtirokchilari jarayonni tezlashtirish zarurligiga bir ovozdan kelishib oldilar.