O‘zbekistondagi ilk Mapaton: ekspertlar va ko‘ngillilar Yangiyo‘l tumanida suv ta’minotini baholash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirdilar
2023 yil 24-26 noyabr, Toshkent sh. Joriy yilning 24-26 noyabr kunlari O‘zbekistonda ilk marotaba mapaton tadbiri o‘tkaziladi. Tadbirda aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi va oqava suv tizimi qamrovi bo‘yicha aktual ma’lumotlarni yig‘ish maqsadida 120 ta ko‘ngillilar va soha mutaxassislari jalb etiladi.
Mapaton (“Map-a-thon”) – bu ma’lum bir mavzuda geoaxborot ma’lumotlarini shakllantirish musobaqasidir. Mapatonni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, birinchidan, tajriba-sinov tariqasida tanlangan Yangiyo‘l tumani doirasida ichimlik suvi va oqava suvi tizimining haqiqiy qamrovini aniqlashdan iborat. Ikkinchidan, mahallalarga tashrif buyurib, aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazish orqali «O‘zsuvta’minot» AJ ma’lumotlar bazasini to‘ldirish. Yakuniy natija sifatida suv ta’minoti tarmog‘i va tizimiga ulanish, GIS holati, «O‘zsuvta’minot» AJ ma’lumotlar bazasini to‘liqligi bo‘yicha vaziyat baholanadi.
Mapaton, mintaqadagi umumiy qurg‘oqchilik holati, shuningdek, Prezidentning suv masalalariga bag‘ishlangan bir qator videoselektorlardagi nutqlari va 2023 yil 24 oktyabrda qabul qilingan 343-sonli qaror nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi. Tadbir Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi, «O‘zsuvta’minot» AJ, Toshkent shahridagi Inha universiteti tomonidan tashkil etilib, Geo2 va Inttech kompaniyalarining moliyaviy ko‘magida amalga oshiriladi.
Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, hududda 220 mingga yaqin aholi 38 705 ta turar joy va 229 ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiladi. Rasmiy ma’lumotlarga asosan aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 75% ni tashkil etadi. To‘rtta mahallada suv ta’minoti mavjud emas va ichimlik suvi boshqa hududlardan olib kelinadi. Yangiyo‘l tumanida davlat dasturlari va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) kredit mablag‘lari hisobidan bir qancha loyihalar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, OTB loyihasining 2-bosqichi 34 ta mahallani, 3-bosqich 15 ta mahallani qamrab oladi. Mapaton mahallalar doirasida amalga oshirilayotgan turli loyihalarning real qamrov darajasini aniqlashga yordam beradi.
Noyabr oyida Xalqaro GIS kunini nishonlash doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar, fazoviy ma’lumotlar, geodeziya va kartografiya sohasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda. Mapaton tashkil etish maqsadlaridan biri – intiluvchan yosh kadrlarni geodeziya va kadastr sohasiga jalb etish. Shu sababli, tadbirni tashkil etishda ko‘ngillilar taklif etildi (ko‘ngillilar asosan geoaxborot o‘quv yo‘nalishi mavjud bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari, ya’ni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat Texnika Universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti, Toshkent shahridagi Adju Universitetilarining talabalaridan iborat). Guruhlarga mentor sifatida Geofazoviy ma’lumotlar bilan ishlovchi Kadastr agentligi, «O‘zsuvta’minot» AJ, Toshkent shahar hokimligi kadastr sohasidagi malakali mutaxassislar jalb qilindi.
Ikki kun ichida 10 ta guruh 64 ta mahalladagi 550 ta ko‘chalar kesimida ma’lumotlarni jamlaydi va 26 noyabr kunining yakunigacha Yangiyo‘l tumani mahallabay ma’lumotlar bazasi tuziladi. Ma’lumotlarni eng ko‘p va sifatli jamlagan guruh 2023 yil 26 noyabr kuni mapaton tadbirining yopilish marosimida taqdirlanadi.
Aloqa uchun: +998909885656 Fazliddin Baxromov