Strategik islohotlar agentligi va Rossiya Strategik tashabbuslar agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi doirasida innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy salohiyatni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri Toshkentdagi “INNO” innovatsion o’quv-ishlab chiqarish texnoparki negizida “Tochka prityajeniya” nomli tajriba-sinov markazini tashkil etish bo‘ldi. Mazkur markaz ilg‘or tadqiqotlar, ta’lim dasturlari va ilmiy ishlanmalarning tijoratlashtirilishi uchun innovatsion maydon bo‘lib xizmat qiladi. Markazning dastlabki ochilishi 2024-yil 19-dekabrga rejalashtirilgan.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Loyihada akademik aloqalar va almashinuv dasturlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Rossiyaning yetakchi ilmiy markazlari va universitetlarida stajirovkalar va aspirantura hamda doktoranturada o‘qish imkoniyatlarini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ushbu tashabbuslar yosh olimlar va O‘zbekistonlik o‘qituvchilarga ilmiy-innovatsion salohiyatni mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan ilg‘or tajribalarni olish imkoniyatini beradi.
Hamkorlikda Skolkovo fan va texnologiyalar instituti alohida o‘rinni egallaydi. Mazkur institut qo‘shma tadqiqotlar, bilim almashinuvi va innovatsion texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlarini taqdim etadi. Bundan tashqari, “Tochka prityajeniya” tajriba-sinov pilot markazi ta’lim dasturlarini amalga oshirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy tadbirlarni tashkil etish uchun platformaga aylanadi.
Shu bilan bir qatorda mazkur tashabbus IT, energetika, qurilish va qishloq xo‘jaligi kabi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashga qaratilgan kasbiy malakalarni rivojlantirishni ham ko‘zda tutadi.