21-22-noyabr kunlari Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov boshchiligidagi Agentlik xodimlaridan tashkil topgan delegatsiya Qozogʻiston Respublikasi Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi taklifiga binoan Ostona shahrida bo‘ldi.
Tashrif doirasida Qozog‘iston Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi raisi Jandos Shaymardanov va Qozogʻiston Respublikasi Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi huzuridagi Milliy statistika byurosi vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Uchrashuvlarda 2025-yilga moʻljallangan hamkorlik rejalari muhokama qilindi va strategik rejalashtirish hamda islohotlar sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, Qozogʻiston Respublikasi Davlat xizmati agentligi raisi Darxon Jaziqbayev bilan ham uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuv davomida davlat xizmatini modernizatsiya qilish boʻyicha Qozogʻistonning normativ-huquqiy bazasi haqida maʼlumot berildi.
Shu bilan birga, tashrif davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi Qozogʻiston Respublikasi Oliy taʼlim va fan vazirligi, Nazarboyev Universiteti hamda “Astana” xalqaro moliya markazi rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Bu uchrashuvlar ilm-fan, taʼlim va moliya sohalarida tajriba almashish va hamkorlikni kuchaytirish uchun yangi imkoniyatlarni ochib berdi.
Mazkur tashrif avvalroq Qozog‘iston Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi va Strategik islohotlar agentligi oʻrtasida imzolangan oʻzaro anglashuv memorandumi bandlarini amalga oshirishga turtki berishga qaratilgan. Ushbu hujjat Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlat organlari oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida chuqurlashtirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.