Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida«gi PF-6264-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Agentlik zimmasiga bir qator strategik vazifalar yuklatilgan boʻlib, ulardan biri iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi reytingini shakllantirish va doimiy yuritishdir.
Reytingni shakllantirishda xalqaro tajriba va amaliyotni qoʻllash, biznes vakillari oʻrtasida muntazam soʻrovlar oʻtkazish shart.
Hududlarning investitsiya muhitini har tomonlama baholash va hududlar oʻrtasida investitsiyalarni jalb etishda sogʻlom raqobatni yaratish maqsadida Agentlik tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi hududlari investitsiya muhiti milliy reytingi”ni baholash metodikasi ishlab chiqildi. Uning asosiy maqsadi investitsiya muhitini yaxshilash va biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish sohasidagi muammolarni hal etishda davlat organlari faoliyati samaradorligini baholashdan iborat.
Metodikani yaratishda Agentlikning profil boshqarma mutaxassislari tomonidan ushbu sohaga tegishli adabiyotlar va xorijiy tajribalarni oʻrganish boʻyicha tadqiqotlar olib borildi (masalan, ASI – Rossiya Federatsiyasi subyektlarida investitsiya muhiti holatining milliy reytingi, NRA – Rossiya hududlari investitsion jozibadorligini yillik baholash, RAYEX — hududlarning investitsiya jozibadorligi reytingi). Shuningdek, xorijiy ekspertlar, xususan, Rossiya Federatsiyasining Strategik tashabbuslar agentligi bilan turli darajadagi maslahat uchrashuvlari oʻtkazildi.
2021-yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hududlari investitsiya muhiti milliy reytingi shakllantirildi va natijalari toʻgʻrisida 2022-yil 8-avgust kuni Davlat Rahbariga axborot berildi.
Taqdimot davomida investitsiya muhiti milliy reytingini shahar va tumanlar kesimida shakllantirish topshirigʻi berilgan.
Hozirgacha quyidagi ishlar amalga oshirildi:
- Tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida soʻrov oʻtkazish maqsadida, konkurs tanlovlari eʼlon qilinib, gʻolib topilgan konsalting kompaniyasi MCHJ “Al Mar Konsalting” (RF) bilan shartnoma tuzilgan.
- Soʻrov oʻtkazish maqsadida, vazirlik va idoralaridan toʻplam uchun IFUT va toifasiga mos keladigan tadbirkorlik subyektlari roʻyxati olinib, kerakli kvotalarga shahar va tumanlar kesimida taqsimlash ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga ushbu toʻplamga soʻnggi 12 oy ichida maʼlum davlat xizmatlaridan foydalangan tadbirkorlik subyektlari kiritildi.
- Shu bilan birga, joriy yilning 26-iyunidan boshlab Samarqand va Jizzax viloyatlari, undan keyin esa Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlarida soʻrov ishlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
- Jami respublika boʻyicha 18 000 dan ortiq tadbirkorlar bilan suhbat oʻtkaziladi.
- Joriy yilning iyul oylarida vazirlik va idoralar tomonidan, metodikada keltirilgan katta miqdordagi statistik maʼlumotlar toʻplash lozim.
- Reytingni shakllantirish ishlari sentyabr oyiga rejalashtirilgan.
- Reyting natijalari asosida, tegishli prezentatsiya va maʼlumotnomalar tayyorlanadi.
- Reytingni eʼlon qilish joriy yilning sentyabr oyida eʼlon qilinishi rejalashtirilgan.
Reytingni muvaffaqiyatli qoʻllanishi quyidagilarni amalga oshirishga yordam beradi:
- respublika hududlarining investitsion muhiti darajasini va bu boradagi muammolarni aniqlash;
- faoliyatini optimallashtirish va/yoki islohotlarni talab qiladigan davlat organlarini, shu jumladan mahalliy idoralarni aniqlash;
- hududlarning investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan operatsion va strategik vazifalarni amalga oshirishning investitsiya salohiyati va samaradorligini baholash;
- xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish va samaradorligini oshirish;
- hududlarga investitsiya oqimini oshirish;
- investitsiya muhitini rivojlantirishda eng yuqori natijalarga erishish imkonini beruvchi boshqaruv qarorlarini qabul qilishning ilgʻor tajribalarini aniqlash;
- respublika hududlarida investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
- sohada davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini ragʻbatlantirish tizimlarini yaratish.