Bugun Moskvada Oʻzbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligi hamda Avtonom notijorat tashkilotlari boʻlgan “Yangi loyihalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha strategik tashabbuslar agentligi”, “Milliy texnologiya tashabbusi platformasi”, “Milliy texnologiyalar tashabbusi – 2035 Universiteti” bilan oʻzaro hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Imzolangan hujjatning asosiy maqsadi, Rossiya bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, oʻzaro tajriba, bilim va malaka almashish, investitsiya muhitini yaxshilash, hududlar va tarmoqlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, fuqarolarning hayot sifatini oshirishga yordam beradigan yangi mexanizmlarni ishlab chiqish hamda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlashdan iborat.
Hujjatga asosan, hamkorlikning 15 yoʻnalishi boʻyicha amaliy ishlarni tashkil etish va boshlashni oʻz ichiga olgan “yoʻl xaritasi” ni muvofiqlashtirish, uning doirasida Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini yaxshilash tashabbuslarini ishlab chiqish va amalga oshirish, hududlar va tarmoqlarning investitsion jozibadorligi reytingini shakllantirish va yuritish, investitsion muhitni rivojlantirish, raqamli texnologiyalar, turizm, shaharsozlik, ekologiya, mintaqaviy rivojlanish, tadbirkorlik kabi bir nechta yoʻnalishlarda hamkorlik qilish koʻzda tutilgan.